2024 yil 2 iyul kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining 75-sessiyaci bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada deputatlar, tuman hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani Kengash raisining o‘rinbosari G‘ulomjon Yeshniyozov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 18-Xitoy saylov okrugidan deputat Muzaffar Yeshchanov saylandi.
Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala yuzasidan Amudaryo tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Kamiljan Aytbayev hisobot berdi.
Hisobotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 apreldagi “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i Javlonbek Jumamurodov hisobot berdi. Hisobotda bildirilgan tuman mahalliy budjetining 2024 yilda iqtisod qilingan mablag‘larini chegirib olish hamda birinchi va ikkinchi darajali to‘lovlarga qayta yo‘naltirish to‘g‘risidagi taklif deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Sessiya kun tartibidagi keyingi masala yuzasidan Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali boshlig‘i Sherzod Sultanov hisobot berdi. Hisobotlarni tinglab va muhokama qilib deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 iyul kungi farmonida keltirilgan talablarga javob beradigan va soliq organlaridan qarzdorligi bo‘lmagan, belgilangan bir martalik yig‘imni to‘lagan jami 1857 nafar fuqarolarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalariga ijara huquqi hamda bino va inshootlarga mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha Kengash qarorini qabul qildilar. Shuningdek, Amudaryo tumanining ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash bo‘yicha ishlarning yakuni ham ko‘rib chiqilib, bu bo‘yicha ham tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiyada tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Ilxom Palvanovning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pillachilik sohasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan yangi tutzorlarni barpo etish hamda yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida Do‘rman ovulidagi tuman hokimligi zaxira yer fondi hisobidan umumiy maydoni 6,4 gektar bo‘lgan ekin maydonini dehqon xo‘jaligi tashkil qilish uchun ochiq elektron tanlovga qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan Amudaryo tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Qudrat Abdikalikov hisobot berdi. Hisobotda tumandagi ba’zi fermer xo‘jaliklari tomonidan tegishli qaror talablari buzilib, suvni ko‘p talab qiladigan, joylashtirishda ko‘rsatilmagan sholi ekinini ekish holatlari kuzatilayotgani ta’kidlanib, Kengashdan bu bo‘yicha tegishli chora ko‘rish so‘raldi. Ushbu masala yuzasidan Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tuman bo‘limi boshlig‘i Sarvar Matyakubov va tuman Irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Shukrullo Yusupovlar ham so‘zga chiqib, rejasiz ekilgan sholi suvning me’yoridan ortiq iste’mol qilinishiga, boshqa hududlarga suv yetib bormasligiga sabab bo‘layotganini ta’kidlashdi.
Shuningdek, sessiyada xalq deputatlari tuman Kengashi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Deputatlarning fikr va mulohazalari tinglanib, faol muhokamalardan keyin kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
manba: amunews.uz