Amudaryo tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi 119-sonli Farmoni doirasida qator amaliy ishlar qilinmoqda. Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda maxsus ishchi guruh tuzilib, belgilangan talablarga javob beradigan fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan egalik huquqini e’tirof etish bo‘yicha Xalq deputatlari tuman Kengashining tavsiyasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining qarori qabul qilinib, tegishli hujjatlar topshirilmoqda.
Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 2024 yil 22 may kungi 73-sessiyasi qarori bilan 501ta, 30 may kungi 74-sessiyasi qarori bilan 699ta hamda 2 iyul kungi 75-sessiyasi qarori bilan 1857ta turar joylar hamda yer uchastkalari ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, endilikda Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining qarori asosida tegishli hujjatlar mulk egalariga topshiriladi.
Tuman hokimligining majlislar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov 501 nafar uy-joy egalariga mulkka egalik huquqini rasmiylashtirish imkonini beruvchi qarorlarni tantanali ravishda topshirdi.
Tuman hokimi o‘z so‘zida davlatimiz rahbarining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Farmoni Qoraqalpog‘istn Respublikasini har tomonlama rivojlantirish uchun olib borilayotgan samarali islohotlaridan biri ekanligini alohida e’tirof etdi va mazkur qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 47-moddasiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholining uy-joyga bo‘lgan huquqi amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratish, jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish orqali aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan.
Qarorda yer uchastkasiga ijara huquqi hamda bino va inshootlarga mulk huquqini e’tirof etish uchun fuqaro ushbu uy-joydan 2018 yil 1 maygacha bo‘lgan davrdan boshlab o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalangan bo‘lishi, ushbu holat kosmik suratlarni qayta ishlash orqali hamda so‘nggi besh yil uchun yer solig‘i va mol-mulk solig‘i to‘langanligi bilan tasdiqlangan bo‘lishi belgilangan.
Shuningdek, yer uchastkasi bo‘sh bo‘lmasligi, unda qurilgan uy-joy yashash uchun mo‘ljallangan bo‘lishi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligi, yer uchastkasi sug‘oriladigan yerlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, transport, aloqa va mudofaa maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar, kimyoviy yoki radioaktiv moddalar bilan ifloslangan yerlar toifasiga kirmasligi, suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalarida, yer usti va yer osti suvlarining hosil bo‘lish zonalarida joylashmagan bo‘lishi shartligi belgilab qo‘yilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yilning 5 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining qarori qabul qilingan. Prezidium qaroriga asosan Qoraqalpog‘istonning barcha hududlarida ishchi guruhlar tuzilgan.
Davlat kadastrlar palatasi Amudaryo tumani filialida tuzilgan ishchi guruh tegishli hujjati bo‘lmagan jami 4795 nafar jismoniy shaxslar tarafidan qurilgan turar joylarning manzilli ro‘yxatini shakllantirgan. Shundan ishchi guruh a’zolari tomonidan 2937ta turar joylarga ijobiy xulosa berilgan. Bugungi kunda tegishli xulosaga ega bo‘lgan va Farmon talablarini bajargan fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan egalik huquqlarini e’tirof etish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.