O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-aprel kungi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida mazkur bank kredit mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Nukus va Mo‘ynoq tumanlaridagi aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning sifatli ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Qarorga asosan Amudaryo tumanidagi quvvati sutkasiga 40 ming kubometr bo‘lgan “Mang‘it” suv tozalash inshootini yangidan qurish rejalashtirilgan. Joriy yil 5-iyunda “Obi hayot injiniring” MCHJ va “Uy-jay Qurilis” MCHJ bilan 12,98 mln dollarlik shartnoma imzolandi. Bugungi kunda ushbu shartnomaga asosan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish tashkilot tomonidan amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, 25,6 mln dollar mablag‘ hisobidan “Amudaryo tumanining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi doirasida 68,5 km uzunlikdagi aholiga ichimlik suvi yetkazib beruvchi magistral suv tarmoqlari va 289,2 km ichki ichimlik suvi tarmoqlari, shuningdek 3ta ichimlik suvi inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan. Jumladan, “Mang‘it” suv tozalash inshootidan “RU-1” suv inshootiga 22,6 km, “RU-1” suv inshootidan “Kuyuk ko‘pir” suv taqsimlash inshootigacha 11,4 km, “Kuyuk ko‘pir” suv inshootidan “Yarimchi” suv taqsimlash inshootigacha 6,4 km, Qizil choli aholi punktidagi suv inshootigacha 5,4 km, “RU-1” inshootidan “Qilichboy” suv taqsimlash inshootigacha 17,3 km, “Kuyuk ko‘pir” suv inshootidan “Jumur ovul” aholi punktigacha 5,36 km masofadagi aholiga ichimlik suvi yetkazib beruvchi suv tarmoqlarini qurish ishlari ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, Mang‘it shahriga 107 km va Yuqori Tubulg‘a, Qoramon, Ozodlik, Birlashgan, O‘rta qal’a, Arnabo‘yi, Bujuk ko‘l, Xo‘ja ovul, Yangi qishloq, Nukus ovul, Seyt ovul, Xitoy, Mulkdor, Eshon ovul, Vaxum, Panasham, Yusuf xo‘ja, Qilichboy qishloq aholi punktlariga 182,2 km masofadagi ichimlik suvi tarmoqlarini qurish ishlarini ham amalga oshirish belgilangan.
Bundan tashqari, “RU-1” va “Qilichboy” suv taqsimlash inshootlarini rekonstruksiya qilish, “Kuyuk ko‘pir” suv taqsimlash inshootini yangidan qurish ishlari ham amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Aholiga toza, sifatli ichimlik suvi yetkazib berish kvarsli qum yordamida filtrlanib, maxsus quvurlar orqali bir nechta murakkab jarayonlar orqali amalga oshiriladi. Avvalo oddiy, tozalanmagan suv Amudaryodan kanal orqali yangidan qurilishi rejalashtirilayotgan suv tindirgich, ya’ni suv havzalariga kelib tushadi va maxsus mexanizmlar yordamida quvurlar orqali suvni qabul qilish kamerasiga uzatiladi. Ushbu jarayondan so‘ng, mexanik kameraga o‘tkazilib, zarur pigmentlar qo‘shiladi va suv tindirgich havzasida tindiriladi. Tindirilgan suvga xlor bilan ishlov berilib, filtrlash stansiyasida quvurlar orqali 3000 kubometrlik zahira omborlariga tushadi. Zahira omborlaridan esa nasoslar orqali so‘rilib, aholi punktlariga, ko‘chalarga uzatiladi. Ana shunday murakkab jarayonlar, mashaqqatli mehnatlar evaziga aholi xonadonlariga beminnat yetkazib berilayotgan obi hayot manbai — suvning har bir qatrasidan avaylab-asrab foydalanish har birimizning zimmamizdagi mas’uliyatli vazifamizdir.
Ayni paytda “Mang‘it” suv tozalash inshootini yangidan qurish jarayonlari amalga oshirilayotgan obyektda 120 nafar malakali mutaxassislar va ishchilar mehnat qilishmoqda. 3 ta avtokran, 4 ta samosval, 2 ta ekskavator, 2ta “MTZ” rusumli transport traktorlari, 2 ta buldozer, payvandlash agregatlari va boshqa texnika hamda uskunalar to‘la quvvat bilan ishlatilmoqda.
Ishchi-xizmatchilar uchun maxsus transport vositasi — avtobus ajratilgani, yaratilgan namunali mehnat sharoiti ish unumining oshishini ta’minlamoqda. Umumiy qiymati salkam 12 mln dollarlik mablag‘ hisobiga bunyod etilayotgan mazkur suv tozalash inshootini 2025-yilning noyabr oyida qurib, bitkazish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan bo‘lib, shu kungacha 1 mln. 900 ming dollar hajmidagi qurilish ishlari amalga oshirildi.
Suv tozalash inshooti to‘la quvvat bilan ishga tushirilgach, aholi ehtiyojlari uchun sutkasiga 40 ming kubometr tozalangan ichimlik suvi yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz dan