Orzuning oydin yo‘llaInsonda iqtidor va qobiliyat tug‘ma bo‘ladi, omad va baxt esa intilish, fidoyi mehnat, bilim va tajriba, tashabbuskorlik mahsulidir. Yuksak iqtidor va qobiliyat sohibi bo‘lsang-u, ana shu Xudo bergan ne’matni amalda namoyon etaolmasang, sen uchun omad va baxt quyoshi aslo nur sochmaydi. Alloh tomonidan ato etilgan noyob qobiliyat va iqtidor egalari ana shu quyosh nurlari tomon intilib yashashdan, bu yo‘l aro mashaqqatlar chekishdan hech qachon charchamaydilar. Pirovardida, o‘z sa’y-harakatlari bilan orzuning oydin yo‘llariga chiqib oladilar. Bu yo‘lning manzillari obod va charog‘on, bunda kechadigan har bir lahza farahli.
Bosuv mahallasi hududida Ushoq ovul deb ataluvchi, odamlari mehnatkash va fidoyi, mehnatsiz o‘tgan kunini umrin hisobiga qo‘shmaydigan, tabiati go‘zal ajib maskan bor. O‘zbek xalqining ulug‘, otashnafas shoiri Hamid Olimjon ta’rif berganlariday, ona O‘zbekistonning jimitdaygina bu go‘shasida ham “...qurtlar ipak to‘qiydi, qushlar kitob o‘qiydi, arilari asal yig‘adi”. Ulug‘ shoirning Vatanga ta’rifiga biron so‘z qo‘shmoqqa ojizmiz. Lekin men bilgan Ushoq ovulda har kuni yana bir mo‘jiza tug‘iladi: she’r-u shuurga oshna shoirlari tilidan to‘kilgan latif satrlar ovul ahlining gap-gashtaklarida ko‘ngillarni tebratuvchi qo‘shiq bo‘lib jaranglar sochadi. Bu diltortar qo‘shiqlarning ijrochilari ham, ularga musiqiy jarang berib, jo‘shqin, tildan tushmas ohanglarga aylantirguvchilar ham ushoqovulliklarning iqtidorli, intiluvchan farzandlari. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, Muhabbatxon Ibragimova hamda Bahromjon Yo‘ldoshevlarning san’atsevar farzandi Abbosbek noyob iqtidori, shirali ovozi, kitobsevarligi, hatto havaskor shoirligi bilan allaqachon “tilga tushib”, o‘z muxlislari auditoriyasiga ega bo‘lg‘usi sozanda, kelajagi porloq yoshlardan.
Yaqinda, 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qaroriga ko‘ra, mamlakatimizdagi alohida qobiliyatli, intiluvchan, tashabbuskor yoshlardan bir guruhi “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandilar. Taqdirlanganlar orasida ushoqovullik Abbosbek Yo‘ldoshevning ham borligi har bir amudaryolik yoshning qalbida havas va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otgan bo‘lsa ne ajab!
Farzandining musiqaga bo‘lgan qiziqishlarini payqagan Bahromjon bilan Muhabbatxon uni Qipchoq shaharchasidagi 21-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga o‘qishga berishga qaror qilganlarida Abbosbek 4-sinf o‘quvchisi edi. 26-sonli maktabning a’lochi o‘quvchilaridan biri bo‘lgan Abbosbek Yo‘ldoshevning o‘qishi pasayib ketishidan xavotirlangan 4-sinf rahbari Gulora Tilevboyeva:
– Qipchoq shaharchasi ovuldan ancha olis, qish-qirovli kunlarda bola qiynalib qolmasmikan, – dedi sevimli o‘quvchisining kelajagi haqida qayg‘urib.
Tabiatan tirishqoq, o‘z ustida ishlashdan aslo charchamaydigan Abbosbek umumta’lim maktabi dasturi bilan musiqa va san’at maktabining rubob cholg‘usi yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘quv dasturidagi darslarni baravar ravishda, namunali tarzda o‘zlashtirish qobiliyatini namoyon etganida har ikkala o‘quv maskanidagi ustozlari chin dildan quvonishdi.
Ayniqsa, ilk marta qo‘liga rubob cholg‘u asbobini tutqazib, uni san’at olamiga olib kirgan, bu musiqa asbobining sir-sinoatlarini erinmay o‘rgatgan 21-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining rubob yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis o‘qituvchisi, san’atdagi birinchi ustozi Rajabboy Abdullayev Abbosbekni turli ko‘rik-tanlovlarga tayyorladi, intilishlarini qo‘llab-quvvatladi. Tinimsiz izlanishlar, uzviylik asosidagi musiqiy dars va mashg‘ulotlar o‘z samarasini berib, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan M.Ashrafiy, Muhiddin Qori Yoqubov nomidagi ko‘rik-tanlovlarda ustozi Rajabboy Abdullayev rahbarligida muvaffaqiyatli ishtirok etib, bir necha marta sovrindor bo‘ldi. Erishgan yutuqlari Abbosbekning qalbidagi orzulariga qanot bag‘ishlab, kelajagi sari oydin yo‘llar ochdi.
Umumta’lim maktabining 9-sinfini a’lo baholarga tugatgan Abbosbek Yo‘ldoshev Nukus ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabiga imtiyozli ravishda qabul qilindi. Mazkur maktabda taniqli sozanda va pedagog Nesipbay Alekseyevdan musiqa sirlarini qunt bilan o‘rganishga kirishgan bo‘lg‘usi iqtidorli sozanda mazkur maktabning ilk tahsilini olishni boshlagan kezlaridanoq maktab pedagogika jamoasining nazariga tushdi. U maktabning 1-bosqichida o‘qib yurganidayoq “Yosh ijrochilar” Respublika ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, Qoraqalpog‘iston miqyosida faxrli 1-o‘rinni egalladi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari, qolaversa, qoraqalpog‘istonlik san’atsevar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qaroriga asosan 2021 yilning 5 aprel sanasida O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasining Nukus filiali ochildi. Ushbu nufuzli ta’lim maskanining ochilishi Abbosbek Yo‘ldoshev va unga o‘xshagan qoraqalpog‘istonlik san’atsevar yoshlarning o‘z iqtidorlarini amalda namoyon etishlari, tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha chuqur bilim olishlari uchun katta imkoniyat yaratdi.
Abbosbek Yo‘ldoshev 2021-2022 o‘quv yilida mazkur oliy san’at ta’lim dargohining ilk talabalari safidan joy oldi. U 1-2-bosqichlarda o‘qib yurgan kezlaridanoq turli nufuzli festivallar, Qoraqalpog‘iston va mamlakat miqyosidagi ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, har safar g‘oliblar safidan munosib joy oldi. Xususan, 2021 yilda bo‘lib o‘tgan “Xalq cholg‘ulari” ansambllarining Respublika miqyosidagi festivalida O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi Nukus filialining “Xalq cholg‘ulari” ansambli a’zosi sifatida ishtirok etib, ansamblning muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shgani uchun filial ma’muriyati tomonidan munosib rag‘batlantirilib, unga minnatdorchilik xati taqdim etildi. 2022 yilda bo‘lib o‘tgan “Poeziya gulshani” onlayn ko‘rik-tanlovida maxsus diplom bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, 2022 yilda Germaniyada o‘tkazilgan xalqaro “GRAND PRIX” onlayn tanlovidagi faol ishtiroki uchun u O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasining organ zalida bir martalik bepul konsert berish imkoniyatini taqdim qiluvchi vaucher sohibi bo‘ldi va tengdoshlariga, konservatoriya professor-o‘qituvchilariga o‘z san’atini namoyish etdi.
Abbosbekning yutuqlari 2022-2023 o‘quv yilida yanada samarali bo‘ldi. U 2022 yilda “O‘z mutaxassisligi bo‘yicha yilning eng bilimli talabasi”, 2023 yilda esa 15 aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan Konservatoriya ma’muriyatining Faxriy yorlig‘i, talaba-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Kitobxon talaba” tanlovida 2-darajali Diplom, To‘lepbergen Qaipbergenov nomidagi davlat stipendiyasi tanlovidagi faol ishtiroki uchun sertifikat, shuningdek, “Madaniyat va san’at” ilmiy-amaliy jurnalida yoritilgan ilmiy maqolasi uchun maxsus sertifikat va 2024 yilda yosh ijrochilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Yangi yil yulduzlari” 2-Respublika ko‘rik-tanlovida 1-darajali Diplom bilan taqdirlandi.
Abbosbek Yo‘ldoshev joriy o‘quv yilini ham muvaffaqiyatli yakunladi. Konsevatoriya filialining 3-bosqichini faqat a’lo baholarga yakunlab, 4-bosqichga o‘tgan iqtidorli talaba uchun 30 iyun — Yoshlar kuni qo‘sha-qo‘sha quvonchlar ato etdi. Yoshlar kuni bayrami arafasida, alohida iqtidorli, tashabbuskor va bilimdon, vatanparvar yoshlardan bir guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi Prezident Qaroriga muvofiq Abbosbek Yo‘ldoshev “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Yoshlar kuni munosabati bilan 2024 yil 28 iyun kuni bo‘lib o‘tgan tantanali anjumanda uning ko‘kragiga Prezidentning shaxsan o‘zi mukofot nishonini taqib qo‘ydi.
“... – Hech qachon unutmang, sizlar yoshlikning har bir daqiqasini g‘animat bilib, doimo bunyodkorlik va ijodkorlik hissi bilan, Vatanga cheksiz sadoqat tuyg‘usi bilan yashasangiz, albatta kam bo‘lmaysiz”, – degan Prezidentimizning dav’atkor so‘zlari, ayniqsa, biz yoshlarni “... yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir”, – deya mamnuniyat bilan e’tirof etganlari har birimizning zimmamizga yuksak mas’uliyat yuklaydi. Ayniqsa, men Yurtboshimizning bu e’tirofidan nafaqat ruhlandim, juda katta ma’naviy kuch oldim, – deydi Abbosbek quvonchlarini yashirolmay.
Abbosbekning hayotida shu kuni yana bir quvonchli voqea yuz berdi. Uning o‘qishda, jamoat ishlarida, ijodda erishayotgan muvaffaqiyatlari alohida e’tirof etilib, ”Millat umidi” ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlandi.
Ko‘ksida qo‘sha nishonlar bilan o‘zi tug‘ilib-o‘sgan qadrdon qishlog‘iga yanada ezgu orzular og‘ushida qaytgan “Mard o‘g‘lon”ini Ushoq ovulliklar, uning qo‘llariga ilk qalam tutqazgan, san’at olamiga qo‘ygan birinchi qadamiga oq yo‘l tilab, orzuning oydin yo‘llariga olib chiqqan birinchi ustozlari quvonch va samimiyat bilan kutib oldilar.
Shogirdining kamolini ko‘rishdan ham ulug‘roq baxt bormi ustoz uchun! Shu kuni u o‘zi tahsil olgan 26-sonli umumta’lim maktabiga borib, quvonchlarini aziz ustozlari bilan bo‘lishdi, yanada yaxshi o‘qishga, kelajakda aziz xalqiga munosib xizmat qilishga, unga ishongan ustozlarining ishonchlarini oqlashga so‘z berdi. Ustozlari Abbosbekning orzulariga yanada porloq va oydin yo‘llar tilashdi. Zero, ezgu tilaklar har bir lahzada insonni qo‘llab, yangi marralar sari ruhlantirib turadi, kelajak sari dadil qadam tashlashga undaydi. O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasining Nukus filiali 4-bosqich talabasi, Amu elining “Mard o‘g‘lon”i, ”Millat umidi” ko‘krak nishoni sohibi Abbosbek Yo‘ldoshevga:
– Orzu yo‘llaring hamisha oydin, Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston san’atini dunyoga tanitishdek ezgu niyatlaring doimiy yo‘ldoshing bo‘lsin, san’ating hayotingga va jonajon Vataningga ko‘rk, ziynat bag‘ishlasin, – deymiz.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz dan