“Biz bir bo‘lsak yagona xalqmiz – birlashsak Vatanmiz!” shiori ostida ma’naviyat festivali o‘tkazildi

Bugun mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ezgu maqsad yo‘lida keng qamrovli islohotlar olib borilyapti. Taraqqiyotning muhim asoslari bo‘lgan ma’naviyat va mar’rifatga jiddiy e’tibor qaratilyapti. Shu jihatdan respublikamizning barcha shahar va tumanlarida joriy yilning iyul-avgust oylarida “Biz bir bo‘lsak yagona xalqmiz – birlashsak Vatanmiz” shiori ostida ma’naviyat fesivallari o‘tkazilmoqda. Ushbu madaniy-ma’rifiy tadbirlar jamiyatda ma’naviy muhitni yaxshilash, yosh avlodni bilimga chorlash, har bir fuqaroning yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish, qolaversa qalblardagi shukronalik tuyg‘usini namoyon etishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

Ana shunday ezgu maqsadlarning mazmun-mohiyatini amudaryolik yurdoshlarimizning qalbiga yetkazish va xalqimizga xush kayfiyat ulashish maqsadida bir guruh elimiz suygan shoir-yozuvchilar, mashhur aktyor va san’atkorlar, taniqli jurnalistlar va madaniyat namoyandalaridan iborat “Ma’naviyat karvoni” Amudaryo tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab mehmonlar Amudaryo ustida yangi qurilgan mahobatli ko‘prik oldida tumanimiz mutasaddilari tomonidan kutib olindi. Mehmonlar ulug‘vor daryoning qudratini his qilish, betakror tabiatimizdan bahra olish maqsadida ko‘prikdan yayov yurib o‘tishdi.

Barchamizga yaxshi ma’lumki, ushbu mahobatli ko‘prikning tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Amudaryo tumaniga tashrif buyurgan edi. Bu ko‘prik davlat rahbarining xalqimizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatini ramziy ifoda etishi bilan barchamizni faxrlantiradi.

Ushbu ko‘prik qirg‘oqlarni bir-biri bilan birlashtiradi va iqtisodiy rivojimizda muhim vosita sifatida xizmat qiladi. Shu ma’noda Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan “Ma’naviyat festivali” ham dillarni dillarga, ellarni ellarga bog‘lashi, shuningdek, qalbimizdagi Vatanga bo‘lgan buyuk muhabbatimizni namoyon etishi bilan ahamiyatlidir.

Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limi oldida mehmonlar tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, soha mas’ullari tomonidan karnay-surnay sadolari ostida tantanali qarshi olindi. Milliy liboslar kiygan qizlarimiz mehmonlarga ming yillik o‘lmas qadriyatimiz ifodasi – non-tuz tutishdi.

Tuman Madaniyat bo‘limida o‘tkazilgan ma’daniy-ma’rifiy tadbirda filologiya fanlari nomzodi, professor Rahimboy Jumaniyazov, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, teatr aktyori Tohir Raximov va qoraqalpog‘istonlik taniqli ijodkorlar so‘zga chiqib, “Ma’naviyat festivali” doirasida o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlarning mazmun-mohiyati, shuningdek, san’at va ma’daniyatning xalq tafakkurini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlashdi.

Professor Rahimboy Jumaniyozov tomonidan yurt taqdiriga daxldorlik, xalqimiz birdamligi, millatlararo totuvlik, inson ma’naviy kamolotida bu kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlarning o‘rni to‘g‘risida bildirilgan falsafiy fikrlari yig‘ilganlarni chuqur mulohazaga chorladi. Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon tomonidan xalqona ohanglarda o‘qilgan yurt madhini ulug‘lovchi she’rlar qalblarga Vatanni beg‘araz sevish kabi musaffo tuyg‘ularni olib kirdi. Shuningdek, teatr aktyori Toxir Raximov va Gulsara Jumaniyozovalarning o‘ziga xos zalvorli fikrlari yurtdoshlarimizga olam-olam ziyo ulashdi.

Tadbir davomida nuroniy Bekman Allaberganov va shoira Zulfiya Olloyorovalar so‘zga chiqib, tumanimizga tashrif buyurgan ijodkorlarga o‘zlarining samimiy minnatdorchiliklarini izhor etishdi.

Xushovoz xonandalarimiz ijrosida yangragan ko‘ngilochar, sho‘x qo‘shiqlar barchani raqs davrasiga chorladi. Nuroniy onaxonlarimiz mehmonlar bilan birgalikda jozibador kuy-qo‘shiqlarga go‘zal xirom aylashdi.

“Ma’naviyat festivali” doirasidagi tadbirlarning navbatdagi qismi Olmazor mahallasida tuman Madaniyat bo‘limi xodimlari, mehmon xonandalar va estradamiz yulduzlari ishtirokidagi gala konsert bilan davom etdi.

Oqshom tushgan payt. Tumanimizdagi Xotira maydoni aholi, ayniqsa yoshlar bilan gavjum. Barchaning yuzida bayramona kayfiyat hukmron. Serqirra ijodkorlarning chiqishlari qalblarga quvonch olib kiryapti.

Ijodkorlar so‘zga chiqib, xalqimizni, yoshlarni bugungi shodiyona bayram va farahbaxsh kunlar bilan samimiy muborakbod etishdi. Xalqimiz sevgan ijodkorlar Rustam Musurmon va Toxir Raximov tomonidan o‘qilgan Vatan va oilani ulug‘lovchi ajoyib she’rlar, professor Rahimboy Jumaniyazov tomonidan bildirilgan fikrlar biz yagona xalq ekanligimizni, birlashib buyuk Vatanga aylanishimizni yana bir bor anglatdi. Shuningdek, Qoraqolpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulsara Jumaniyazovaning bolalar obrazini gavdalantirgan o‘zgacha chiqishlari tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Xonandalar ijrosida yoshlik va muhabbatni tarannum etuvchi sho‘x qo‘shiqlar yangradi. Qoraqalpoqcha va xorazmcha diltortar navolar barchani zavqlantirib, raqsga chorladi. Ayniqsa, xonanda Iroda Iskandarova xalq orasiga kirib borib, kuylagan sho‘x qo‘shiqlari davralarni yanada jonlantirdi. Xonandaning cheksiz muhabbati amudaryoliklarning davomli olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Konsert estradamiz yulduzlari va yosh san’atkorlarimizning o‘ziga xos go‘zal chiqishlari bilan ko‘tarinki kayfiyatda davom etdi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston bizning yagona Vatanimiz. Malakatimizda bo‘ylab o‘tkazilayotgan mana shunday festivallar bizni yanada jipslashtiradi. Xalqimiz bir butun bo‘lib, yurtga daxldorlik tuyg‘ulari bilan ezgu maqsadlarimiz yo‘lida hamjihatlikda harakat qilar ekan, mustaqilligimiz yanada mustahkam bo‘lishiga zamin yaratadi. “Ma’naviyat festivali” doirasidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar 15 iyulga qadar Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlarida davom etadi.

Shohzod Qurbonboyev
manba:amunews.uz