Bugungi kunda mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. IT sohasini rivojlantirish va davlat boshqaruvini raqamlashtirish maqsadida hududlarda IT-xizmatlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilmoqda.
Prezident tashabbusi bilan IT kompaniyalarining hududlardagi bo‘sh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtirilishi, iqtidorli dasturchilarga bir yil ichida bo‘lib to‘lash sharti bilan kompyuter va texnikalar berilishi, 50dan ortiq IT mutaxassisini ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatining 15 foizgacha qismi qoplab berilishi axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishning davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ko‘rsatadi.
Bu borada Amudaryo tumanida ham qator amaliy ishlar qilinmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, sohaga qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qiziqishlari va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish ishlariga joriy yilning 4 iyun sanasidan ish boshlagan “A1TECH” IT akademiyasi Amudaryo tumani filiali jamoasi ham munosib hissa qo‘shishni niyat qilishgan.
Bugungi kunda muassasaning tuman filialida 30 nafardan ortiq yoshlar IT sohasi bo‘yicha chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqdalar. Yoshlarga “Java” dasturlash tili, “Android” operatsion tizimi, dasturlash interfeysi va ichki tuzilishi hamda kompyuter savodxonligi yo‘nalishlashlari bo‘yicha bilim berilmoqda. Har bir yo‘nalish uchun 2 tadan guruh tashkil etilgan bo‘lib, guruhlarga 12 nafardan yoshlar qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “A1TECH Group” 2009 yilda “A1TECH KIBER KOMPUTERS” MCHJ negizida tashkil etilgan. Tashkilot asosan dasturiy ta’minot yaratish va ularni tasarruf etish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bundan tashqari, “A1TECH Group” o‘tgan yillar davomida ko‘plab veb saytlarni yaratgan. 2014 yildan buyon tashkilot “MUSTAFO SOFTWARE” MCHJ nomidan faoliyat yuritmoqda hamda shu qisqa vaqt davomida bir qancha dasturiy ta’minotlarni yaratgan va amaliyotga joriy qilgan. Shuningdek, tashkilot jamoasi biznesni raqamli o‘zgartirish uchun mo‘ljallangan va uning o‘sishi hamda rivojlanishiga hissa qo‘shadigan IT platformalarini ishlab chiqmoqda.
IT akademiyasining tuman filialida yosh bo‘lishiga qaramay, chuqur bilim va salohiyatga ega bo‘lgan dasturchilar bilim bermoqdalar. Xususan, “MUSTAFO SOFTWARE” MCHJ rahbari San’atbek Masharipov Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali “Dasturiy injiniring” kafedrasi mudiri bo‘lib, o‘tgan yillar davomida ko‘plab sohalarning ish jarayonlarini avtomatlashtirish va yangi startap loyihalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Jumladan, kafe va restoranlarning ish jarayonlarni osonlashtiruvchi “A1Kafe”, ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar va ularning savdo agentlari ish jarayonlarini yengillashtiruvchi “A1DEALER”, kasalxona va klinikalar uchun “Hospital management system”, mahsulotlarni bo‘lib to‘lash sharti bilan ishlovchi do‘konlar uchun dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqqan. Hozirgi kunda sun’iy intellekt tizimlari yo‘nalishida ham ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga qiziquvchi, shu yo‘nalishda bilim olishni xohlovchi yoshlarni "A1TECH" IT akademiyasining Amudaryo tuman filialiga o‘qishga taklif etamiz.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.