Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 76-sessiyasi to‘g‘risida axborot

2024 yil 19 iyul kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida xalq deputatlari tuman Kengashining 76-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada deputatlar, tuman hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani Kengash raisining o‘rinbosari G‘ulomjon Yeshniyozov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 9-Amir Temur saylov okrugidan deputat Oybek Yusupov saylandi.

Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Sharap Joldasbayev hisobot berdi. Hisobotda qayd etilganidek, 2024 yilning birinchi yarmida tuman bo‘yicha umumiy jinoyatchilik o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 79dan 96ga, yoki 21,5 foizga, jinoyat-qidiruv yo‘nalishida esa 61dan 64ga, yoki 4,9 foizga oshgan. Hisobotda tuman hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularning profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan va kelgusida bajarilishi rejalashtirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i Alisher Yuldashev hisobot berdi. Hisobotda “Mahalla yettiligi”ning faoliyatini yanada jonlantirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, hududlarda aholi uchun munosib ijtimoiy infratuzilmani yaratish, milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni targ‘ib qilish, mahallalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Anvar Orazbayev axborot berdi. Axborotda deputatlarga tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish yakunlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Xalq qabulxonasi tomonidan sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli o‘rganish, ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish, sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etish bo‘yicha 2024 yilning ikkinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Sessiya kun tartibidagi so‘nggi masala yuzasidan Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali boshlig‘i Sherzod Sultanov hisobot berdi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 iyul kungi farmonida keltirilgan talablarga javob beradigan hamda soliq organlaridan qarzdorligi bo‘lmagan, belgilangan bir martalik yig‘imni to‘lagan jami 410 nafar fuqarolarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalariga ijara huquqi hamda bino va inshootlarga mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha taklif kiritdi.

Hisobotlar va axborotlar tinglanib, deputatlarning barcha masalalar bo‘yicha fikr va mulohazalari inobatga olingan holda faol muhokamalardan keyin kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

MANBA: AMUNEWS.UZ

MANBA: AMUNEWS.UZ

MANBA: AMUNEWS.UZ