Mang‘it shahridagi zamonaviy umumiy ovqatlanish shoxobchalari soni yana bittaga ko‘paydi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning pirovard natijasi aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, xususan xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan. Bugungi kunda umumiy ovqatlanish shoxobchalari – restoran va kafelar mamlakatimizda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biriga aylangan.

Amudaryo tumanida infratuzilmani rivojlantirish, aholiga, ayniqsa, tumanimizga tashrif buyuruvchi mehmonlar va turistlarga sifatli xizmat ko‘rsatuvchi mehmonxonalar va restaronlarni tashkil etish uchun bir qator sharoitlar yaratilmoqda. Shu o‘rinda mahalliy tadbirkorlar tomonidan soha rivoji yo‘lida ko‘plab yangi ko‘ngilochar maskanlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari barpo etilmoqda. Tumanimizning Olmazor mahallasida yaqinda ish faoliyatini boshlagan “Diamond” restorani ham shular jumlasidandir.

Muassasaning tantanali ochilish marosimida Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari, tadbirkorlar, nuroniylar va aholi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni tuman hokimi Sobir Xo‘jametov tabrik so‘zi bilan ochib, muassasa rahbariyatini samimiy takrikladi va tadbirkorlarning kelgusi faoliyatidagi muvaffaqiyatlarga tilakdosh bo‘ldi.

Darhaqiqat, Amudaryo tumani o‘ziga xos pazandachilik maktabiga ega bo‘lib, bir-biridan betakror taomlari va taom tayyorlash an’analarining turli-tumanligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, tumanimizga tashrif buyurgan mehmonlar orasida Amudaryo baliqlari va baliq taomlari mashhur.

Mamlakatimizda umumiy ovqatlanish sohasini rivojlantirish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilgan. Umumiy ovqatlanish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali oshpazlar va mutaxassislar tayyorlashga ham katta e’tibor berilmoqda. Bularning barchasi milliy pazandachilikning nufuzining yanada oshishiga, uni keng miqyosda ommalashtirishga zamin yaratadi.

Tadbirda ishtirok etgan nuroniy hoji otaxonlar yurtimizga tinchlik, qut-baraka, tadbirkorlarimizning ishlarida rivoj tilab, duo qilishdi.

Shundan keyin mehmonlar marosim uchun maxsus tayyorlangan ramziy tasmani kesib, restoranga tashrif buyurishdi.

Ma’lumot o‘rnida, “Diamond” umumiy ovqatlanish majmuasi “Rasulov Oybek taomlari” oilaviy korxonasi tomonidan tashkil etilgan. Mazkur oilaviy korxona 2011 yildan buyon umumiy ovqatlanish sohasida samarali faoliyat yuritadi. Ayniqsa, korxona tarkibidagi “Olmos” kafesi yaratilgan sharoitlar, o‘ziga xos taomlari va xizmat ko‘rsatish sifati bilan aholi orasida alohida e’tirof etilgan.

“Diamond” restoranining birinchi qavati milliy an’analar asosida jihozlangan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 120 nafar mijozga xizmat ko‘rsatadi. Ayniqsa, nuroniylar uchun moslangan milliy supalar mehmonlar e’tiborini o‘ziga jalb qiladi. Ikkinchi qavat esa zamonaviy-me’moriy andozalar asosida ishlov berilgan zaldan iborat bo‘lib, bu o‘rinda har xil ziyofatlar o‘tkazish imkoniyati mavjud. Restoran taomnomasidan milliy taomlar, turk va yevropacha taomlar joy olgan.

Ta’kidlash joizki, “Diamond” restorani “Rasulov Oybek taomlari” oilaviy korxonasining o‘z mablag‘lari hamda “Hamkorbank” aksiyadorlik tijorat bankidan 7 yil muddatga olingan 2 mlrd so‘m kredit mablag‘lari hisobidan barpo etildi. Mazkur restoranda 30 nafar fuqaroning har xil vazifalarda bandligi ta’minlangan.

Mamlakatimizda xizmat ko‘rsatish sohasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratilishi va bu faoliyatni qo‘llab-quvvatlash natijasida hududlarda mana shunday restoran, kafe, mehmonxona va ko‘ngilochar maskanlar soni ko‘paymoqda. Bu kabi zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan xizmat ko‘rsatish muassasalari barcha amudaryoliklar, tumanimizga tashrif buyurgan mehmonlar va xorijliklarning dam olib, hordiq chiqarishlari uchun ayni muddaodir.

Shohzod Qurbonboyev
manba: amunews.uz