Amudaryo tumanining Toshyop OFY binosida sektor rahbari va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tuman hokimi – Sobir Xo‘jametov, tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodirbek Kamolov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi mas’ullari, OFY “yettilligi”, hudud yoshlar yetakchilari hamda yoshlar ishtirok etdilar.
Uchrashuvda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘nggi yillarda yoshlar siyosatida amalga oshirilayotgan tub islohotlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlarni yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘tgan davr mobaynida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, ular hayotiga bevosita taalluqli bo‘lgan qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani mamlakatimizda mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallab, xalqaro maydonda raqobatga kirisha oladigan barkamol shaxslarni tarbiyalashga huquqiy zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.
Toshyop OFY binosida tashkil etilgan uchrashuv mobaynida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov yoshlarning qiziqishlari, kelajakdagi maqsadlari, muammo va takliflari xususida yaqindan suhbatlashdi. Yoshlarimiz tomonidan berilgan taklif va savollarning bir qismi joyida ijobiy yechim topgan bo‘lsa, yana bir qismi tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.
Uchrashuvda yoshlar tomonidan turli muammoli masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi. Xususan, oliy o‘quv yurtida o‘qish uchun shartnoma pulini to‘lashda amaliy yordam berish, o‘z-o‘zini band qilish hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit ajratilishida, subsidiya asosida tikuv mashinasi olishda amaliy yordam berish kabi masalalar yuzasidan qator murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlardagi masalalarning aksariyati uchrashuv jarayonida ijobiy yechimini topdi. Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tegishli javoblar oldilar.
Ta’kidlash joizki, yoshlarga berilayotgan e’tibor, ularga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik miqyosi yildan-yilga kengayib bormoqda. Rahbarlarning hududlarga borib yoshlar muammolarini o‘rganishi ham ana shunday e’tibor namunasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Darhaqiqat, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida qaralmoqda.
Shuningdek, bugungi kunda yoshlarga maktab va oliy ta’lim sohasida bilim olishga, zamonaviy kasb-hunar egallashga, madaniyat va sport yo‘nalishlarida o‘z iqtidorini namoyon etishga, turli yo‘nalishlarda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yuritishga yaratilgan sharoitlar natijasida yoshlar tomonidan ko‘plab sohalarda yangi marralar zabt etilmoqda. Yurtimiz yoshlari yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda qator yutuqlarni qo‘lga kiritmoqdalar. O‘zbekistonlik yoshlar qator xalqaro fan olimpiadalarida ko‘plab oltin, kumush, bronza medallarning sohib va sohibalari bo‘lishmoqda. Yosh sportchilarimiz esa xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, Vatanimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarmoqdalar.
Qayd etish joizki, butun mamalkatimiz bo‘ylab hududlarda rahbarlarning yoshlar bilan uchrashuvlarini tashkil etish, ko‘plab yoshlarning muammolarini joyida tizimli hal etilishiga, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun yangi chora-tadbirlar ishlab chiqilishiga hamda bandligi ta’minlanishiga zamin yaratmoqda. Tosh yop ovulida o‘tkazilgan sektor rahbari va yoshlar uchrashuvi ham unda ishtirok etgan, muammolari ijobiy hal qilingan yoshlar hayotiga o‘zgarishlar olib kirgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.