O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti oldidan mas’ullar ishbilarmonlar bilan uchrashib, ularning muammolarini tinglamoqda va takliflarini o‘rganmoqda. Amudaryo tumanida ham tadbirkorlarning murojaat va takliflarini jamlash hamda tahlil qilish maqsadida mutasaddilarning shaxsiy qabullari uyushtirilmoqda. Mas’ul xodimlar tomonidan tumandagi tadbirkorlar bilan har kuni manzilli uchrashuvlar o‘tkazilib, tadbirkorlarning muammolari va takliflari o‘rganilmoqda.
Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida tuman hokimi Sobir Xo‘jametovning tadbirkorlar muammolarini o‘rganish, hal etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlar bilan uchrashuvi tashkil etilib, unda muammoli masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilindi. Qabul jarayonida tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar boshliqlari, tijorat banklari mas’ullari, ovul va mahallalardagi hokim yordamchilari hamda tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Ma’lumki, butun respublikamiz bo‘ylab, muhtaram Prezidentimizning tadbirkorlar bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tadigan ochiq muloqoti doirasida tuman va shahar hokimliklarida tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari va takliflarini o‘rganish bo‘yicha sayyor qabullar, uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Amudaryo tumanida bo‘lib o‘tgan qabul jarayonini tuman hokimi Sobir Xo‘jametov tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, olib borilayotgan tub isohotlar haqida kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikka keng imkoniyatlar yaratish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Muhtaram Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida imzolagan qaror hamda farmonlari bu borada muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xususan, “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonlari, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarorlari asosida tadbirkorlik rivoji yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Amudaryo tumanida o‘tkazilgan qabul jarayonida tadbirkorlar turli masalalar yuzasidan tuman hokimiga murojaat qildilar. Xususan, maishiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish uchun kredit mablag‘lari olishda amaliy yordam berish, oilaviy bog‘cha ochish uchun kredit olishdagi muammolarini hal etishda, baliqchilik faoliyatini yanada kengaytirish, do‘kon qurish uchun yer olishda, qo‘shimcha bino ajratilishida, ko‘chma do‘kon uchun yer olishda amaliy yordam so‘rab qilingan jami 20ga yaqin murojaatlar tegishli mas’ullar ishtirokida chuqur tahlil qilindi hamda ularni ijobiy hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, tadbirkorlikni kelgusida ribvojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha har yili o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolangan.
Qarorga asosan, Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish bo‘yicha respublika komissiyasi, shuningdek, hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzildi.
15-iyundan ochiq muloqot o‘tkazilgunga qadar maxsus elektron platformalar, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Call-markaz xizmati, ijtimoiy tarmoqlar va sayyor qabullar orqali tadbirkorlar murojaatlarini tun-u kun qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024-yilning avgustida xalqaro biznes forum ham o‘tkazilishi belgilangan. Ayni payda respublikada ochiq muloqot va biznes forumga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in pallaga kirgan.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.