Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha sohalar singari qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida soha yanada rivojlanmoqda. Fermerlarimizning islohotlar mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetgan holda sohaga kirib kelayotgan yangi zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanayotgani natijasida ish unumdorligi va hosildorlik yil sayin oshib bormoqda.
Amudaryo tumanidagi “Kamolov Gulmirza” fermer xo‘jaligi raisi Akbar Kamolov qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangi imkoniyatlardan samarali foydalanib kelayotgan ilg‘or fermerlardan hisoblanadi. Akbar Kamolov joriy yil jami 60 gektar maydonda paxta yetishtirayotgan bo‘lib, tumanimizning paxta xirmonini yaratishga munosib hissa qo‘shmoqda. Fermer bilan suhbatlashar ekanmiz, yer maydonlarini sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalaridan foydalanish nafaqat suv resursini tejashga balki sifatli hosil olishga, hosildorlikni yanada oshirishga xizmat qilishini ishonch bilan ta’kidlaydi.
Akbar Kamolov hozirda 15 gektar paxta ekin maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan va natijada suvning 25-30 foizga tejalishiga erishgan. Fermer qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishning ahamiyati yuqori darajada ekanligini ta’kidlab, kelgusi yil qolgan ekin maydonlariga ham tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatishni, shu orqali sug‘orishda ish unumdorligini oshirish hamda suv resursini yuqori darajada tejash va yaxshi hosil olishni maqsad qilgan.
Mutaxassislar tomonidan keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tomchilatib sug‘orishda suv dalaga emas, o‘simlikka beriladi. Mineral o‘g‘itlar suv tarkibiga qo‘shilgan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri ildizga yetib boradi. Avval 10 ga yaqin suvchi talab qilingan yerni atigi bir kishi sug‘orib chiqishi mumkin. Bu usul vaqtni, mablag‘ni tejaydi va hosildorlikni oshiradi. Tomchilatib sug‘orish orqali faqat ildiz tizimining namlanishiga erishiladi. Bunday holda, suv o‘simlik tomonidan kerakli miqdorda tezda so‘riladi va uning o‘sishi hamda rivojlanishiga zarar yetkazilmaydi. Suv tuproqning faqat o‘simlik ildiz tizimi yotadigan joylariga kiradi, u har bir o‘simlik uchun bir tekis va doimiy ravishda zarur bo‘lgan miqdorda yetkazib beriladi. An’anaviy sug‘orish bilan solishtirganda, tomchilardan foydalanish jarayonida tuproqning tabiiy tuzilishi buzilmaydi. Kuchli quyosh nurlari bilan o‘simliklar nobud bo‘lmaydi, bu tomchilarning barglarga ham tushishi bilan izohlanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Amudaryo tumanidagi jami 850 gektar ekin yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 43 ta fermer xo‘jaligining jami 650 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish, 45 ta fermer xo‘jaliklarining 200 gektar g‘alla maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.
Tumanimizda qishloq xo‘jaligi sohasining yanada rivojlanishida yangi zamonaviy texnikalarning kirib kelishi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Muhtaram Prezidentimizning 2024 yilning 13 fevral sanasida imzolangan “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 66-sonli qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.
Qaror bilan respublikamizning Amudaryo, Beruniy, Chimboy va Qonliko‘l tumanlarida 2024 yil 1 aprelga qadar qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan kompleks xizmat ko‘rsatuvchi texnika-servis markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish belgilab berildi. Shu asosda tumanimizda tashkil etilgan "Amudaryo Yangi Texnika Service" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham bugungi kunda soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida mazkur jamiyatga 13 dona yangi zamonaviy texnikalar xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan bo‘lib, bugungi kunda jami 2 mlrd. 250 mln. so‘m avans mablag‘lari hisobiga 11 dona texnikalar yetkazib berilgan. 5 dona “New Xolland T-7060” rusumli yuqori unumli surim traktorlari, 5 dona zamonaviy aylanma omochlar, 1 dona mexanik seyalka shular jumlasidandir. Mazkur texnikalar bilan tumanimizdagi fermer xo‘jaliklariga shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatilib, ekin maydonlaridan mo‘l hosil olishga zamin yaratilmoqda hamda ish unumdorligi va sifati yanada oshib, yuqori mehnat samaradorligiga erishilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasining mavjud tabiiy xomashyo resurslaridan samarali foydalanish orqali sanoat, qishloq xo‘jaligi sohalarini jadal rivojlantirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, tadbirkorlik va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash, shu asosda aholi bandligini ta’minlash hamda turmush darajasini oshirish maqsadida imzolangan Prezident qarori respublikamizning kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.