2011 yil 3 mayda BMT Bosh assambleyasi tomonidan 30 iyul sanasini Xalqlar do‘stligi kuni sifatida e’lon qilingan. Ushbu sana 2021 yil 10 fevral kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq mamlakatimizda ham Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilangan va shundan buyon har yili millatlaro totuvlik kuni sifatida tantanali ravishda nishonlanib kelmoqda.
Sana munosabati bilan Amudaryo tumani Xotira maydonida katta bayram tadbiri, gala konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, bo‘limlar mas’ullari, nuroniylar hamda aholi vakillari ishtirok etdilar.
Mehmonlar dastlab tadbir doirasida tashkil etilgan ijodkor yoshlarning qo‘l mehnatlari, ijod namunalari, turli millat vakillarining urf-odatlari va an’analarini aks ettiruvchi milliy kiyimlari, taqinchoqlaridan iborat ko‘rgazma bilan tanishdilar.
Tadbirni tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ochib, millatlararo totuvlikning jamiyat hayotidagi ahamiyati, O‘zbekiston ko‘p millatli yurt ekanligi, barcha millat vakillari o‘zaro hurmat, mehr-oqibatda, hamjihatlikda yashab kelayotganini alohida ta’kidladi. Shundan so‘ng tadbir tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan sho‘x-shodon kuy-qo‘shiqlar hamda betakror raqslar bilan davom etdi.
Tuman hokimi o‘z so‘zida ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda bugungi kunda 130dan ortiq millat va elat hamda 16ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat bo‘lib yashamoqda. 157ta milliy madaniy markaz va 38ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib borilmoqda, qardosh tilli maktablarda o‘qiyotgan farzandlarimiz davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda. “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” degan ezgu g‘oya barcha millat va elatlarni o‘zaro birlashtirib, tobora hayotiy shiorga aylanib bormoqda. Bu jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhiti, tinchlik va osoyishtalikning amaliy ifodasidir.
Gala konsert dasturi respublikamizning yorqin yulduzlari, iste’dodli san’atkorlar ijrosidagi ona yurtni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar bilan yuqori bayramona kayfiyatda o‘tdi. Konsert dasturi mehmoni iste’dodli xonanda Boburbek Arapboyev ajoyib chiqishlari va sho‘x qo‘shiqlari bilan ko‘ngillarni xushnud etdi. Shuningdek, tuman Madaniyat bo‘limining raqqosa qizlari ijrosidagi turli millatlarning milliy raqslari, elimiz suygan umidli xonandalar Nurbekjon Rajabov, G‘ayratjon Yangiboyev, Davlatyor Shomuratov, Oybekjon Nurmonovlar kabi ijodkorlar o‘zlarining do‘stlik, muhabbat, Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari bilan bayram dasturining fayzli o‘tishiga munosib hissa qo‘shdilar.
Ushbu sana munosabati bilan xalqlar do‘stligi, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash maqsadida yurtimiz bo‘ylab bir hafta davomida o‘tkaziladigan Do‘stlik festivallari xalqimizni yanada birlashtirishga, mintaqamizdagi tinchlik va osoyishtalik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.