O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘istonga tashrifi mobaynida hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida qator islohotlar ilgari surildi. Xususan, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatlarini yanada rivojlantirish maqsadida imzolangan “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonlari sohadagi ishlarda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Amudaryo tumanidagi tadbirkorlar ham bu kabi imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirmoqdalar. “Tilaumuratov Shukrullo” ko‘p tarmoqli xususiy firmasi rahbari Jasur Tilaumuratov ham ana shunday ilg‘or tadbirkorlardan biridir.
Tadbirkor bilan suhbatlashar ekanmiz, o‘z faoliyatini 1996-yilda boshlaganini, qariyb 30 yillik tajribasida bugungi kunda tadbirkorlar uchun berilayotgan imkoniyatlar cheksiz ekanligini, ulardan unumli foydalanish zarurligini ta’kidlaydi. 2010-yilda Mang‘it shahrida 2 qavatli “Orzu” to‘yxonasini ochgan hamda xalqimizning to‘y-tantanalarida xizmat qilib kelayotgan tadbirkor Jasur Tilaumuratovga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 129-sonli farmoniga asosan qo‘shimcha 16,4 sotix yer maydoni ajratilib, bugungi kunda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Qurilish ichlariga 10 nafar quruvchilar jalb qilingan bo‘lib, ular qurilishni tez fursatlarda yakunlash uchun tinimsiz mehnat qilishmoqda.
Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishni va yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish orqali hududga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, tadbirkorlarning takliflarini bevosita o‘rganish asosida kelgusi yetti yilda rivojlantirishning belgilangan pirovard natijalariga erishish maqsadida qabul qilingan Prezident Farmoni bilan qator yangi imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda.
Berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan ilg‘or va tashabbuskor tadbirkorlardan yana biri Said Qilichevga ushbu farmon asosida yer maydoni ajratilib, faoliyati yanada rivojlanmoqda. Tadbirkor Said Qilichev “Sulton-Kumush” MCHJ rahbari, bir qancha ovqatlanish markazlari egasi bo‘lib, xususan, uning boshqaruvchidagi “Nurota” kafesida aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Xalqimizning to‘y-tantanalari, bayram, marosimlarida, quvonchli kunlarida mazkur umumiy ovqatlanish muassasalari odamlar bilan gavjum.
Endilikda tadbirkor Prezident farmoni asosida 4 mlrd so‘m investitsiya kiritish evaziga o‘ziga ajratilgan 26 sotix yer maydonida bolalar uchun attraksion, elektromobillarni zaryadlash stansiyasi, muzlatkichli sig‘im tashkil etishni maqsad qilgan. Hozirda ajratilgan yer maydonida qurilish ishlari yarmiga yetib qoldi.
Qayd etish joizki, farmon bilan yaratilgan cheksiz imkoniyatlar tadbirkorlarimiz uchun imkoniyat eshilarini ochmoqda. Jumladan, farmonda tadbirkorlik subyektlarining loyihalariga 2025- yil 1 -yanvarga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan, istisno tariqasida, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hamda aylanma mablag‘larni shakllantirish maqsadlariga milliy va xorijiy valyutada ajratiladigan kredit miqdorining 75 foizigacha, biroq 5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda, kafillik shartnomasini bir tomonlama bekor qilmaslik sharti bilan kafillik taqdim etilishi belgilab berilgan.
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida yangidan tashkil etilgan, hisob raqamida mablag‘ yetarli darajada aylanmagan tadbirkorlik subyektlariga, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun garov ta’minotidan kelib chiqib, bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha bo‘lgan miqdorda kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yish kabi keng imkoniyatlar ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, hujjatda hududlardagi ommaviy savdolarda turgan davlat mulki obyektlari 3 oy muddatda sotilmagan taqdirda ularni elektron tanlov asosida eng yaxshi taklif bildirgan talabgorga investitsiya kiritish majburiyati bilan berish tartibi joriy qilinishi ham ko‘zda tutilgan.
Bu kabi imkoniyat va imtiyozlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va hududning iqtisodiy potensialini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.