Amudaryo tumani prokurori Aziz Ro‘zmetov tashabbusi bilan energiya resurslaridan samarali foydalanish va ularni iqtisod qilish bo‘yicha qator tashkilotlar, soha mas’ullari bilan uchrashuv tashkil etildi. Tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi binosida tuman gaz ta’minoti korxonasi, Tibbiyot birlashmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda boshqa qator tashkilotlar rahbarlari ishtirokida tabiiy gazni iqtisod qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Targ‘ibot tadbirida tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, energiya manbalarini iqtisod qilish, kuz-qiz mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida puxta tayyorgarlik ko‘rish lozimligi xususida so‘z yuritdi.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-fevraldagi “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohadagi ishlarni tartibga solishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.
Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish va oldini olish, ulardan samarali va oqilona foydalanish orqali iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida imzolangan Prezident qarorini ijro qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori imzolangan. Ushbu hujjatlar asosida joylarda samarali ishlar tashkil etilmoqda.
Amudaryo tumani prokurori o‘z so‘zida, tegishli mas’ullar tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganishlar jarayonida aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, kuz-qish oylarida ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror issiqlik energiyasi bilan ta’minlash, qor-yomg‘irli kunlarda ko‘p qavatli binolarning tomidan chakki o‘tmasligini ta’minlash borasida oldinda turgan ustuvor vazifalari xususida to‘xtaldi.
Shuningdek, tadbir mobaynida tuman gaz ta’minoti korxonasi hamda elektr tarmoqlari korxonasi mas’ul xodimlari tomonidan energiya tejovchi uskunalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi, xususan, eskirgan tabiiy gaz yondirgichlaridan foydalanishning salbiy oqibatlari, yondirgichlarni yangilariga almashtirish lozimligi, tejamkor lampalardan foydalanish orqali elektr energiyasi katta miqdorda tejalishi mumkinligi xususida ma’lumotlar berildi. Qolaversa, tadbir ishtirokchilari tomonidan mavzuga oid yo‘llangan savollarga mutaxassislar tomonidan aniq misollar bilan javoblar berildi. Bu kabi targ‘ibot tadbirlari tumandagi barcha hududlarda davom etmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.