Ma’lumki, joriy yil 27 oktyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga deputatlar saylovi bo‘lib o‘tadi. Bosh Qomusimiz va Saylov Kodeksida belgilangan muddatlar va qonun talablaridan kelib chiqib, 26 iyuldan e’tiboran Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasiga start berildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, bu yilgi saylovlar avvalgi yillardagidan farqli ravishda amalga oshiriladi. Ya’ni, Saylov Kodeksida belgilangan tartib-qoidalarga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatlar saylovi aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatlarining yarmi ayni paytdagi mavjud tartib bo‘yicha saylansa, qolgan yarmi siyosiy partiyalarning ro‘yxatlari asosida saylanadi. Ya’ni, saylovchilar 75ta o‘rin bo‘yicha aniq bir nomzodni tanlab saylasalar, qolgan 75tasi bo‘yicha siyosiy partiyaga ovoz beradi.
Ayni kunlarda mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim mavqega ega bo‘lgan beshta siyosiy partiya – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiyalarining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar imzosini to‘plash jarayoni o‘tkazilmoqda. Mazkur siyosiy tadbir Amudaryo tumanida faoliyat olib boruvchi siyosiy partiyalar tomonidan ham yuksak saviyada tashkil qilinmoqda.
Joriy yilning 5 avgust sanasida Amudaryo tumanida o‘tkazilgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan tadbir ham ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat va bayramona ruh bag‘ishladi. Unda partiya xayrixohlari shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan kelishib, imzo varaqalariga qo‘yilgan shaxsiy imzolari orqali O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasini qo‘llab- quvvatlashga rozi ekanliklarini bildirdilar.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, imzo yig‘ish jarayoni Saylov qonunchiligiga binoan o‘tkazilayotgani fuqarolarning o‘z xohish-irodalarini emin-erkin ifodalash imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Bu fikrlarimiz tadbir davomida fuqarolar bilan partiya mas’ullarining samimiy va oshkora muloqot tarzidagi davra suhbatida ham o‘z tasdig‘ini topdi.
Partiya mas’ullari tomonidan joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga deputatlar saylovining avvalgi yillardagi saylovlardan farqli jihatlari hamda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi g‘oyalari, shuningdek, bo‘lajak siyosiy jarayonning mazmun-mohiyati xususida fuqarolarga zarur tushunchalar berildi.
Ta’kidlanganidek, partiyaning maqsadi – davlat hokimiyatining vakillik organlarida davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir.
Partiya, ushbu insonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, vakillik demokratiyasi mexanizmlari vositasida qonunlarni qabul qilish, davlat hokimiyati ijroiya organlarini shakllantirish va ular tomonidan taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari hamda tegishli vazifalarni amalga oshirish yo‘llarini belgilashda amaliy ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishni ko‘zda tutadi.
Tadbir davomida partiya elektorati vakillari mas’ullarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, tegishli javoblar oldilar.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba:amunews.uz