2024 yil 9-avgust kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir masalalar yuzasidan yig‘ilish va Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Amudaryo tumani hokimi, sektor rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, siyosiy partiyalar tuman Kengashi rahbarlari, tuman tijorat banklari rahbarlari, “Mahalla yettiligi” a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Ulug‘bek Jalmenov qatnashdi va nutq so‘zladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning ikkinchi yarim yilligiga belgilangan ustuvor vazifalarning bajarilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda. Shu maqsadda tumanga biriktirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Ulug‘bek Jalmenov tumanda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yanada tezlashtirish, aholi turmush darajasini oshirish, bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Kun tartibidagi masala bo‘yicha Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, tumanda aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha Prezidentimizning 2024-yil 9-yanvardagi qaroriga asosan joriy yilda jami 15 ming 836 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilganini, bu bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
O‘tgan 6 oy davomida tumanda Sayxunobod tajribasi bo‘yicha yerdan yanada samarali foydalanish, dehqonlar uchun bozor topishga ko‘maklashish, tadbirkorlarni sifatli urug‘ va dori vositalari bilan ta’minlash, tadbirkorlarning eksportiga amaliy yordam berish maqsadida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 2 ming 107 nafar fuqaroga 29,7 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, ularning tadbirkorlik faoliyatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Uychi tajribasi asosida tuman hokimi tadbirkorlik va biznes bilan shug‘ullanish istagidagi aholi bilan manzilli ishlash tizimini yo‘lga qo‘yib, aprel-iyun oylarida jami 8 marta uchrashuvlar o‘tkazgan hamda 60dan ortiq tadbirkorlarning muammo va takliflari tinglangan.
Uychi tajribasi asosida 18-30 yosh oralig‘idagi 38 ming 390 nafar yoshlar xatlovdan o‘tkazilib, ular orasidan ishsizlarining bandligini ta’minlash bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tuman hokimi joriy yilning ikkinchi yarmida ham barcha yo‘nalishlardagi ishlar uzluksiz davom ettirilib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha samarali natijalarga erishilishi uchun zarur choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 78-sessiyasida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Dastlab Amudaryo tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rahimov Amudaryo tumanida 2024 yil 6 oy davomida budjetga tushumlarni ta’minlash va “Mahallabay” ishlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi.
Hisobotda qayd qilinganidek, budjetga tushumlarni ta’minlash bo‘yicha 2024 yilning birinchi yarmi uchun 23 mlrd 221,3 mln. so‘m reja grafigi belgilangan bo‘lib, amalda 23 mlrd 685 mln. so‘m, ya’ni rejaga nisbatan 102 foiz miqdorida, budjetga qo‘shimcha 463,7 mln. so‘m ortig‘i bilan tushum ta’minlangan. Budjet tushumlari 2023 yilning mos davriga solishtirganda 133,1 foizga o‘sgan.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan Majburiy ijro byurosi Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i, adliya kichik maslahatchisi Quvonch Yesenbekov byuro tomonidan joriy yilning o‘tgan 6 oyida amalga oshirilgan ishlar xususida, Kengashning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Muzaffar Yeshchanov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga saylov o‘tkazish bo‘yicha Amudaryo tumanidagi okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tavsiya qilish masalasida axborot berdi.
Amudaryo tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova deputatlarga xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berib, “Ayollar maslahat kengashi”ga kelib tushgan xotin-qizlarning murojaatlariga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj 5 nafar xotin-qizlarni “Ayollar daftarining” 1-toifasiga kiritish bo‘yicha taklif bildirdi.
Shuningdek, sessiyada Amudaryo tumani Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i Javlonbek Jumamurodov tuman mahalliy budjeti parametrlarida ko‘zda tutilgan xarajatlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha, tuman hokimligining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Jahongir Yo‘ldoshov mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘ ajratish masalalarida takliflar kiritdi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha muhokama qilinib, takliflar tinglandi hamda faol muhokamadan keyin xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
G‘.Yeshniyozov
manba: amunews.uz