Yangi O‘zbekistonning maftunkor va jozibali qiyofasini yaratish ishlarining samaradorligini quruvchilar mehnatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Quruvchi-bunyodkorlarning oliyjanob mehnati bilan barpo etilayotgan yangi turar joylar, ishlab chiqarish obyektlari, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari mamlakatimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, hayotimiz farovon bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Amudaryo tumanidagi “Xon” tantanalar majmuasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimga mohir quruvchi va muhandislar, usta va me’morlar, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillari taklif qilindi.
Bayram tadbirida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov tumanimizdagi bunyodkorlik ishlariga salmoqli hissa qo‘shayotgan zahmatli qurilish fidoyilari, soha faxriylarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularga ezgu tilaklarini bildirdi.
Darhaqiqat, bugun mamlakatimizning barcha hududlarida, jumladan Amudaryo tumanida ham katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Qurilish sohasidagi bu jarayon nafaqat ovul va mahallalarimizning qiyofasini o‘zgartirdi, balki odamlar hayotiga ham o‘zgacha mazmun-mohiyat bag‘ishlamoqda. Ayniqsa, aholini arzon va qulay turar joylar bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli dasturlar doirasida namunali ko‘p qavatli uylar, madaniyat va san’at markazlari, sport inshootlari, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obyektlar qurilyaptiki, bu bunyodkorlik ishlari hududlar infratuzilmasini yaxshilashga ham xizmat qilyapti. Albatta, ushbu imkoniyatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvar islohotlarni o‘zida aks ettiradi.
Tantanali tadbirda, o‘z ish faoliyati davomida yuqori samaradorlikka erishayotgan bir qator qurilish, loyiha, pudratchi, buyurtmachi tashkilotlar muassasalari hamda ularning fidoyi ishchi-xodimlari tuman hokimligi tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Amudaryo tumanining yanada obod va farovon bo‘lishiga hissa qo‘shib kelayotgan soha fidoyilari tomonidan mazkur yilda ham rejaga ko‘ra keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, bugungi kunda tuman bo‘yicha jami 58ta obyektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Investitsiya dasturi doirasida Beruniy mahallasi hududidagi 31-sonli maktabning eski 330 o‘rinli binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha pudratchi tashkilot “Sanjar Diyor building” MCHJ tomonidan qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu dastur doirasida Jumur ovul mahallasi hududidagi 48-sonli maktabga qo‘shimcha 240 o‘rinli bino va sport zal qurish bo‘yicha pudratchi tashkilot “Jumurtov tex ta’mir servis” MCHJ tomonidan qurilish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Bo‘z solma mahallasi hududida yangidan suv inshootini qurish va 30 km uzunlikdagi ichimlik suv tarmoqlarini tortish bo‘yicha pudratchi tashkilot “Tuproqqal’a maxsus qurilish” MCHJ tomonidan qurilish ishlari bajarilmoqda.
Shuningdek, bunyodkorlik ishlari Qoramon mahallasida ham amalga oshirilmoqda. Pudratchi tashkilot “Mang‘it invest maksimum” MCHJ tomonidan mazkur hududda yangidan 150 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurish ishlari olib borilyapti.
Ta’kidlanganidek, jonajon vatanimizning yangi qiyofasini barpo etish va yuksak taraqqiyotini ta’minlash, hayotimizni yanada obod va farovon etishda ming-minglab bunyodkor insonlarning mehnatini hech narsa bilan baholab bo‘lmaydi.
Soha fidoyilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida tumanimizning taniqli estrada xonandalari tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi bayramga yanada zavq bag‘ishladi.
Fursatdan foydalanib, qurilish sohasining qadrli vakillarini kasb bayrami bilan yana bir bor tabriklaymiz. Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va hududlar obodligi yo‘lida olib borayotgan sharafli vazifani bajarishda sizlarga kuch-quvvat, ulkan g‘ayrat va shijoat tilaymiz.
R.Abdullayev, Amudaryo tumani hokimligining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar,
kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi.