Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023- yilning 28- iyun sanasida imzolangan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi farmoni bilan respublika bo‘ylab fuqarolarning uy-joyga egalik qilish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan edi. Hududlarda farmon ijrosini ta’minlash, shuningdek, aholiga mazkur farmon mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish borasidagi ishlar davom etmoqda.
Xususan, yaqinda Amudaryo tumani Oybek mahallasida yashovchi uy-joy egalariga ko‘chmas mulk huquqini e’tirof etuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori hamda tegishli hujjatlar topshirildi.
Jarayonda Davlat kadastrlari palatasi Amudaryo tumani filiali muhandisi O‘tkirbek Hayitjonov, Oybek mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Azamat Xidirov, mahalladagi hokim yordamchisi Mahmud Saparboyevlar ishtirok etdilar. Mas’ullar xonadonlarga uyma-uy kirgan holda uy-joyga egalik qilish hamda turar joy joylashgan yer maydoniga ijara huquqini e’tirof etuvchi Prezidium qarorlarini o‘z egalariga tantanali tarzda topshirdilar.
Mahalladagi Fitrat ko‘chasi 12-uyda yashovchi Azad Qurbaniyazov ko‘p yillardan buyon uy-joyining kadastr hujjati yo‘qligi sababli sarson bo‘lib kelayotgan edi. Mas’ullar Azat Qurbaniyazovga uy-joyiga egalik huquqini e’tirof etishni nazarda tutuvchi qarorlarni topshirdilar hamda unga Prezident farmonining respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi ahamiyati xususida ma’lumotlar berdilar.
Istiqlol ko‘chasi 17-uyda yashovchi Baxtiyor To‘qliboyev ham turar joy imoratiga nisbatan mulk huquqi hamda ular joylashgan yer uchastkalariga ijara huquqini e’tirof etishni nazarda tutuvchi hujjatga ega bo‘ldi. Xonadon egasi bilan suhbat chog‘ida Davlat kadastrlari palatasi Amudaryo tumani filiali muhandisi O‘tkirbek Hayitjonov ushbu qaror asosida kadastr hujjatini olish uchun ariza berishi lozimligi, kadastr hujjatini olgandan keyin yer-mulk egasi qator imkoniyatlarga ega bo‘lishi xususida tushuntirishlar berdi.
Ta’kidlanganidek, kadastr hujjatini olgan fuqarolar ko‘chmas-mulk bilan bog‘liq har qanday munosabatlarda ishtirok eta oladi, farzandlarini hududdagi davlat bog‘chalariga ro‘yxatga qo‘ya oladi, oldin 3 baravar hisoblangan soliq miqdori 1 baravarga kamayadi, o‘zi yashayotgan hududga ro‘yxatga tura oladi, turar joyini sotish, sovg‘a qilish hamda meros qoldirish huquqiga ega bo‘ladi, turar joyini garovga qo‘yish orqali kredit mablag‘i olib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
Mas’ullar mahallaning Muqimiy ko‘chasidagi 17-uyda yashovchi Raziya Yo‘ldasheva xonadonida ham bo‘ldilar va fuqaroga kadastr hujjatini olgandan keyin qo‘lga kiritiladigan imkoniyatlar xususida batafsil ma’lumotlar berdilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining tegishli qarorini olgan fuqarolar uy-joyga egalik huquqini e’tirof etuvchi hujjatning berilganidan xursand ekanligini, davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan minnatdor ekanini bildirdilar.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.