Amudaryo tuman MMTB tasarrufida 86ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, jami 134ta, shu jumladan 52ta davlat, 78ta oilaviy, 4ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda va “Barkamol avlod” bolalar maktabi mavjud.
Ayni paytda maktablar quvvati 32 ming 635 o‘rinli bo‘lib, o‘quvchi soni esa 38 ming 813 nafarni tashkil etadi.
3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 12 ming 250 nafar bolalar MTTlarga qamrab olingan bo‘lib, shundan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 9615 nafar, davlat xususiy sheriklik asosidagi MTTlarda 300 nafar, oilaviy MTTlarda esa 2335 nafar kichkintoylar tarbiyalanmoqda.
Ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor, qolaversa, zamon talablaridan kelib chiqib, sohada faoliyat olib borayotgan 4061 nafar pedagog xodimlarning kasbiy malakasini oshirishga, ularning o‘z ustlarida ishlashlariga alohida ahamiyat berilmoqda.
Bugungi kunda tuman MMTB tasarrufidagi umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan pedagog xodimlarning 293 nafari oliy toifali, 1937 nafari 1- va 2-toifali malakaga ega bilimdon o‘qituvchilar hisoblanadi. Ulardan 1720 nafari mutaxassislik toifasiga ega bo‘lib, 111nafar o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar bilan o‘zaro tajriba almashish va “o‘rgan-o‘rgat” tamoyili asosida ish yuritishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Tuman MMTB tasarrufidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi va umumta’lim maktablaridagi o‘quvchi-yoshlarning iste’dod va qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan 67 ta to‘garaklarda ularning o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Bundan tashqari, 2024-yil davomida tumandagi 52ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga raqamlashtirish jarayonini amalga oshirish bo‘yicha davlat budjetidan jami 52 dona planshet va 52 dona wi fi router, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan esa 42 dona printer qurilmalari olib berildi. Shuningdek, 28-sonli maktabga 1ta kompyuter, tuman BABMga 6ta kompyuter va 1ta elektron doska qurilmalari, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq Respublika budjeti mablag‘lari hisobidan 16ta maktabga zamonaviy kompyuter sinf jamlanmalari yetkazib berildi.
Muhtaram Prezidentimizning ko‘rsatmalari va umumta’lim muassasalarini zamon talablari darajasida qurish, ta’mirlash va qayta rekonstruksiya qilishga qaratilgan 404-sonli Qarori asosida bir qator maktablarda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilangan. Xususan, Beruniy nomli mahalla hududida joylashgan 31-sonli umumta’lim maktabi uchun 330 o‘rinli qo‘shimcha bino qurish ishlari boshlanib, bugungi kunda mazkur binoning tom qismida beton plitalarini yotqizish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.
Shuningdek, Xizr eli mahallasi hududida joylashgan 46-sonli umumta’lim maktabiga 300 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha bino qurilishi, Jumur ovul mahallasi hududida joylashgan 48-sonli umumta’lim maktabiga 240 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha bino va 12x24 o‘lchamli sport zali, Qangli ovulida joylashgan 49-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun yangidan 90 o‘ringa mo‘ljallangan bino hamda Qoramon mahallasida davlat investitsiya dasturi asosida 150 o‘ringa mo‘ljallangan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi qurilishi ishlari davom etmoqda.
“Tashabbusli budjet” loyihasining 2024-yil 1-mavsumida 3 ta maktab ishtirok etib, loyiha natijalariga ko‘ra, 1- va 41-sonli maktablarning har biri 1 mlrd 360 mln. so‘mdan, 76-sonli maktab jamoasi esa 860 mln. so‘mlik mablag‘ni yutib olishga muvaffaq bo‘lishdi. 1-sonli va 41-sonli maktablar jamoasi tomonidan ushbu mablag‘ni joriy ta’mirlash ishlariga, 76-sonli maktab jamoasi tomonidan esa dars jarayoni uchun zarur zamonaviy uskunalar, jumladan, proyektor, elektron doska, laboratoriya jihozlari va hokazolarga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan yangi o‘quv yili oldidan joriy yil 5-10-avgust kunlari hududiy Pedagogik markazida master-trener va trener-koordinatorlar tomonidan Amudaryo tumanidan tanlab olingan 5 nafar direktor, 3 nafar matematika fani o‘qituvchilari va 6 nafar tabiiy fan o‘qituvchilariga Singapurning “Marshal Savendish Edusation” tashkiloti bilan hamkorlikda o‘quv jarayoniga xorijiy ilg‘or tajribalarni tatbiq etish bo‘yicha seminar tashkil etildi. Ushbu seminar kaskad usulida joriy yil 19-24-avgust kunlari 31-, 40- va 82-sonli maktablarda, har bir maktabdan 1 nafar ilg‘or o‘qituvchilar uchun, 26-31 avgust kunlarida esa barcha maktablarda tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yil 18-19-avgust kunlari Mo‘ynoq tumanidagi “Oq kema” o‘quvchi-yoshlar lagerida an’anaviy uchinchi “Ustozlar forumi” o‘tkazilishi belgilangan. Amudaryo tumanidan 14 nafar ilg‘or o‘qituvchilar ushbu forumda ishtirok etishi kutilmoqda.
Ayni kunlarda tuman MMTB tasarrufidagi barcha o‘quv muassasalarida “Bilimlar kuni” maktablarga ilk qadam qo‘yadigan bolajonlarga atalgan 12 nomdagi Prezident sovg‘alari taqdim etilmoqda. 2024-2025 o‘quv yilida 3550 nafar bolalar 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida Prezident sovg‘alarini quvonch bilan qabul qilayotgan bolajonlarning quvonchlari cheksiz. Tevarak-atroflari obodonlashtirilgan, dov-daraxtlariga chiroyli shakl berilib, turfa gullar ifor sochgan ta’lim maskanlari ilmga chanqoq, kelajagimiz egalari – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini yana o‘z bag‘riga olishga tayyor.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz