Mardlik tug‘in tutgan asl farzandlar
(Parij olimpiadasi sovrindorlariga)
“Ey , ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi” (Abdurauf Fitrat).
“Olamni mahliyo aylagan diyor”,
O‘zbekiston uchun havaslar bisyor.
Oriyat yuksalgan oniy lahzalar,
Yuraklarni quchdi sha’n-u iftixor:
– Vatanga qaytdi, – deb, – yana To‘maris!
Nurli qalam bilan yozildi tarix,
Hayrat og‘ushida hatto muarrix.
Balki Yaratgandan mo‘jiza! Aniq,
Qirilib ketmagan. Afsona – tirik –
Uyg‘ondi Turonda turon yo‘lbars!
Maydonni titratgan pahlavon qizlar,
Ulug‘ ajdodlardan tabarruk izlar.
Kurashlarda aslo cho‘kmagan tizlar –
Dunyoga yo‘l ochgan ummon, dengizlar –
Bugun oriyatdan berayotir dars!
Ko‘rdingizmi, dunyo qalqib ketganin,
Parijda nohaqlik haddan o‘tganin.
Vujudiga joylab tengsiz jur’atin,
Mardlik tug‘in tutgan o‘zbek qizlarin.
Yoqlab jarang sochdi adolatli bahs!
O‘zbekka qadrdon do‘st, og‘aynilar,
Qozoq, qirg‘iz, turkman og‘a-inilar.
Tojikning lafzida tengsiz ma’nilar,
Hatto ahli dunyo hayratlandilar –
Beshta qo‘l birlashib, chiqqanida “qars!”
Barchasi bir bo‘ldi – bir yagona XALQ,
Qalblar birlashganda qolmadi hech farq.
Markaziy Osiyo – eng muhtasham Ark
Yog‘dusidan lol-u hayron G‘arb-u Sharq,
Dil to‘la hayratlar, dil to‘la havas!
Ana, oktagonda, ringda o‘zbeklar,
Sharaf tojin kiygan g‘olib o‘zbeklar.
Hatto qardoshlarin qo‘llab o‘zbeklar,
Ona Turon bo‘lib yondi o‘zbeklar,
Qutlagali keldi xalq guras-guras!
Ko‘ring, havas qiling, o‘zbek shunqorin –
Yangi O‘zbekiston sha’n, iftixorin.
Boshiga ko‘tarib tinchlik shiorin,
Dunyoga tanitdi ona diyorin!
Ko‘ngillar birlashdi Vatanga payvast!
Robiya Yo‘ldosheva.