Mustaqillik bayrami arafasida shahrimiz ko‘chalarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda

Туман янгиликлари

Ayni kunlarda Amudaryo tumanida eng ulug‘, eng aziz bayram – mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib nishonlash maqsadida izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Asrlar osha shakllanib, avloddan-avlodga meros bo‘lib kelgan milliy qadriyatlarimizdan biri bu – ommaviy bayramlar oldidan yurtimizning har bir ovul va mahallalarida obodonlashtirish tadbirlarini tashkil etish hisoblanadi. Shu ma’noda Mang‘it shahri va shahar atrofidagi mahallalarda, ko‘chalarda atrof-muhitni obodonlashtirish, ozodaligini ta’minlash maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu xayrli ishlarga keng aholi vakillari ham bosh qo‘shgani ish unumini yanada oshirmoqda.

Xususan, Durunki mahallasida tashkil etilgan tadbirlarda mahalla ahli o‘z xonadonlari atrofini tozalash, ariq va yo‘l chetidagi o‘t-chimlarni chopib, daraxtlarning qurigan shoxlarini kesish kabi ishlarda faol ishtirok etmoqdalar. Aholining faol va samarali mehnatlari sababli xonadonlar oldidagi gulzorlar tozalanib, sarishta qilinmoqda, atrofi yanada fayzli go‘shaga aylantirilmoqda. O‘zaro hamjihatlik, inoqlik asosida tashkil etilgan xayrli tadbirlar natijasida mahalla ko‘chalari ozoda, shinam va obod holga keltirilib, ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda. Atrof-muhitning yanada sarishta, fayzli bo‘lganidan nafaqat mahalla ahlining, balki mehmonlarning ham bahri-dili ochilishi tabiiy.

Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati Oybek Begimovga saylovchilar tomonidan bildirilgan murojaatlarga ko‘ra, Durunki mahallasining Ahmad Yassaviy ko‘chasida tabiiy gaz va elektr energiyasi ta’minotidagi kamchiliklar bartaraf etildi. Deputat Oybek Begimov tegishli soha xodimlarini jalb qilgan holda bayram arafasida mahalla hududida bir qator xayrli ishlarni amalga oshirmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Ahmad Yassaviy ko‘chasidagi aholini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi quvurlarga fuqarolar tomonidan nostandart ravishda ulanishlar oqibatida ayrim nosozliklar yuzaga kelgan. Xususan, tayanch ustunlari belgilangan oraliqlarga o‘rnatilmaganligi va yetarli darajada ta’minlanmaganligi sababli tabiiy gaz quvurlarida osilib qolish holati kuzatilgan. “Amudaryotumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan ushbu kamchiliklar joyida bartaraf etildi.

Bundan tashqari, aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarning oldini olish maqsadida tuman Elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan elektr ustunlari, elektr uzatuvchi simlar holati tekshirildi. Albatta, xonadonlarga, ijtimoiy obyektlarga elektr energiyasini uzluksiz yetkazish, aholi xavfsizligini ta’minlash soha xodimlarining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Obodonlashtirish tadbirlari davomida Durunki mahallasidan o‘tuvchi asosiy yo‘llarda ta’mirlash ishlari ham olib borildi. Xususan, yo‘lning ta’mirtalab qismiga asfalt qoplamalari yotqizildi. Aholi turmush darajasini yaxshilash va xalqni rozi qilish maqsadida olib borilayotgan ezgu tashabbuslar natijasida mahalla va ko‘chalar qiyofasi tobora yaxshilanib, fuqarolar va transport vositalari harakati uchun yanada qulaylik yaratildi.

Darhaqiqat, atrof-muhitni obod etish xalqimizning betakror qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Bu kabi tadbirlar chor-atrofni yanada obod, pokiza bo‘lishida alohida ahamiyat kasb etishi bilan birga, odamlarda yakdillik, o‘zgalarga ko‘mak qo‘lini uzatish, hamjihatlik, ahillik kabi fazilatlarning yanada kuchayishiga xizmat qiladi.

Shohzod Qurbonboyev
manba: amunews.uz