Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga ko‘ra mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan shaxslarning munosib hayot kechirishi va jamiyatdagi o‘rnini topishi uchun mutlaqo yangicha yondashuv asosida ishlar olib borilmoqda. Keyingi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. “Inson qadri uchun” tamoyili asosida 7ta yo‘nalishda belgilangan 100ta maqsaddan 34tasi bevosita ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgani ham mamlakatimizda ijtimoiy davlat g‘oyasi ilgari surilayotganiga yaqqol dalildir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyun kungi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2023 yil 1 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosida yurtimizda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirda markaz tomonidan 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga 49 turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, ularning ijtimoiylashuvi ta’minlanmoqda. Shu jumladan nogironligi bo‘lgan fuqarolarga ko‘mak ko‘rsatish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, jamiyatning sog‘lom a’zolari kabi mehnat qilish imkoniyatlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bugungi kunda Amudaryo tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan belgilangan vazifalarga ko‘ra, kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy himoya tizimini joriy qilish, ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash hamda ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish, og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Shuningdek, markazning har bir xodimi ehtiyojmand aholi bilan keys-menejment usulini qo‘llagan holda samarali ish tashkil qilish, ulardan ijtimoiy xizmatlar va yordam olish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilish, zaruratga qarab buyurtmalarni mas’ul vazirlik va idoralarga yuborish, og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni muntazam ravishda monitoring qilib borish, ular uchun ijtimoiy xizmat va yordamlarni tashkil etish kabi ishlarni beminnat amalga oshirib kelishmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Amudaryo tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida bugungi kunda 5ta sho‘ba, jumladan, Mahallada ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish, Katta yoshdagilar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash, Nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlashish, Ijtimoiy to‘lovlar, Bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho‘balari, psixolog xodimlar, huquqiy masalalar bo‘yicha ekspert-maslahatchi, bosh mutaxassis, yetakchi mutaxassis va boshqa xodimlar samarali xizmat qilib kelishmoqda.
Amudaryo tumanidagi jami 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi mavjud oilalar sonidan kelib chiqib, tuman 16ta hudud va 32ta uchastkaga bo‘lindi. Bugungi kunda ovul va mahallalarda 32 nafar ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim faoliyat yuritmoqda. Aholiga samarali xizmat ko‘rsatish maqsadida, ijtimoiy xizmat xodimlari fuqarolar yig‘inlari raislari va tegishli hamkor tashkilotlar xodimlari bilan birgalikda mahallalarda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish bo‘yicha mahallalarning ijtimoiy pasportlarini shakllantirmoqdalar.
Aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Amudaryo tumanida jami 37 ming 216ta xonadon, 56 ming 349ta oila mavjud. Dastlabki o‘rganishlar davomida jami 9 ming 152ta oila ijtimoiy xizmatlar va yordamlarga muhtoj ekanligi aniqlangan. Ushbu ko‘rsatkich tumandagi jami oilalarga nisbatan 16,2 foizni tashkil qiladi. Bu toifadagi oilalarga keys-menejment usuli orqali ijtimoiy xizmat xodimlari va markaz tomonidan ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish rejasi ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda.
Amudaryo tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi operatorlariga shu kunga qadar jami 474ta ariza kelib tushgan bo‘lsa, shundan 275 nafar murojaat egasiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi va qolgan 194 nafariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Shuningdek, belgilangan talablarga javob bermaganligi sabab 5ta ariza rad etilgan.
Amudaryo tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan o‘tgan 4 oy davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 til 10 avgust kungi “Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 237-sonli qaroriga asosan tuman hokimligining tegishli qarori bilan 121 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi yoki keksa yoshdagi shaxslar ro‘yxatga olindi va manzilli ishlar tashkil qilinmoda.
Amudaryo tumanida hozirgi kunda umumiy 6 ming 67 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud bo‘lib, shundan 166 nafari 1-guruh, 4 ming 75 nafari 2-guruh, 206 nafari 3-guruh hamda 1 ming 20 nafari bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qiladi. Joriy yilning shu kuniga qadar markazga reabilitatsiya texnik vositalari va protez ortopediya moslamalari uchun 166 nafar nogironligi bo‘lgan va yoshga doir nafaqadagi fuqarolardan murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 106 nafar fuqaroga mahsulotlar yetkazib berildi.
Xususan, 10 nafar fuqaro elektr yuritmali aravacha, 24 nafar fuqaro qo‘lda boshqariladigan kreslo-aravacha, 13 nafar fuqaro eshitish moslamasi, 34 nafar fuqaro hassa tayoq, 7 nafar fuqaro ko‘zi ojizlar hassasi va 2 nafar fuqaro ortopedik poyabzal bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida 2-sonli Amudaryo tumanlararo tibbiy ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan mehnatga layoqatlilik tavsiyasi berilgan 29 nafar nogironligi shaxslar doimiy va vaqtincha ishlarga joylashtirildi, bir nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro kasb-hunarga o‘qishga yo‘naltirildi.
Shuningdek, mahallalarga biriktirilgan ijtimoiy xodimlar tomonidan o‘tkazilgan xatlovlar natijasida aniqlangan og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan ayol-qizlar bilan samarali ishlar olib borilmoqda. Ularga markazdagi psixologlar guruhi tomonidan psixologik xizmatlar ko‘rsatilib, tikuvchilikka qiziqishi bo‘lgan ayol-qizlar “Tamara tekstil” fabrikasiga ishga joylashtirildi va ijtimoiylashuvi ta’minlandi.
Tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan parasportga layoqatlilik tavsiyasi berilgan fuqarolarni o‘rganish orqali 3 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs parasport turining parataekvando turiga jalb qilindi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda tumanimizda 17 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar parasport bilan shug‘ullanib kelishmoqda.
Amudaryo tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining ijtimoiy to‘lovlar sho‘basi tomonidan kam ta’minlangan oilalarga bola nafaqa puli va moddiy yordam uchun 2 ming 828ta ariza qabul qilingan bo‘lib, 2 ming 351ta murojaat “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritildi. Shuningdek, 2024 yil 1 aprel kunidan boshlab tumandagi 3 ming 959 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqa, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi, yoshga doir nafaqa va parvarishlash nafaqasi to‘lab kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 mart kungi 165-sonli qarori asosida 538 nafar fuqaroga bir martalik moddiy yordamlar berildi.
Bu kabi xayrli ishlar markazda faoliyat yurituvchi Bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho‘basi tomonidan ham olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgust kungi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq maxsus ro‘yxatda ko‘rsatilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joy olib berildi va ularning nomiga rasmiylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 17 yanvar kungi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tumanda “Mehr daftari”ga kiritilgan bolalarga monoblok, qishki kiyim-bosh olib berish choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, Bolalarni himoya qilish sho‘basi tomonidan aniqlangan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 105 nafar bolaga vasiylik va homiylik tayinlandi.
Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish maqsadida tumandagi ta’lim muassasalarida, mahalla va keng jamoatchilik o‘rtasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 44 ta targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Inson qadrini ulug‘lash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga aylandi. Bugun davlatimiz siyosatining asosiy maqsadi xalqimizning yaxshi yashashi, hayotdan rozi bo‘lishini ta’minlash va buning uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish iborat ekanligi mubolag‘a emas. Ayniqsa bu kabi fuqarolarning baxtli hayot kechirishi, jamiyatda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi bu ezgu harakatlarning asosini tashkil etayotgani quvonarlidi.
G‘ulomjon Duysenbayev, Amudaryo tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi boshlig‘i.
manba:amunews.uz