Joriy yilning 24-avgust kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman IIB bo‘limi boshlig‘i Muhammetali Xo‘jamuratov, mahalla "yettilik" mas’ullari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Matbuot anjumanini tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ochib berdi. Tuman hokimi o‘z so‘zida, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda ovul va mahalla “yettilik” mas’ullari hamda IIB hamkorlikda ish olib borishi lozimligi, shuningdek, aholi orasida tinch va osoyishta hayotimizning qadriga yetish, oila mustahkamligi, farzandlar tarbiyasiga e’tibor berish, shukronalik va hamjihatlikda yashash borasidagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish zarurligi xususida so‘z yuritdi.
Shuningdek, jinoyatchilik sonini kamaytirishning eng muhim omili sifatida aholi bandligini ta’minlash ekanligini ta’kidlab, insonlarning oilasiga daromad olib kelishiga yordam berish borasidagi ishlarni kuchaytirish zarurligini qayd etib o‘tdi. Qolaversa, mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tantanalarida jamoat nazoratni saqlash borasida oldinda turgan vazifalar xususida to‘xtaldi.
Matbuot anjumanida tuman IIB boshlig‘i joriy yilning shu davriga qadar huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Muhammetali Xo‘jamuratov o‘z hisobotida joriy yilning 7 oyi davomida tuman hududida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilganligi, xususan, “Profilaktika kuni” tadbirlari davomida 108 ta jinoyatlar muhokama qilinganligi, 38076 ta xonadon o‘rganilib, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 1419 nafar shaxslar bilan ijtimoiy profilaktik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mahalla “yettilik”lariga xulosalar taqdim etilganligi, mahalla faollari tomonidan 1207 nafar ijtimoiy profilaktika obyekti bo‘lgan shaxslarning muammolarini ijobiy hal etish choralari ko‘rilganligi xususida so‘z yurtidi.
Shuningdek, 981 nafar shaxslar profilaktik hisobga olinib, ular bilan yakka tartibda profilaktik ishlar olib borilgan, ovul va mahallalardagi 5228 nafar shaxslarga huquqbuzarlik sodir qilganligi uchun ma’muriy choralar ko‘rilgan, ichkilikka ruju qo‘ygan 76 nafar shaxs va 108 nafar ruhiy kasallar majburiy davolashga yotqizilgan, bosim va zo‘ravonlikka uchragan 183 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan.
Hisobotda keltirilicha, amalga oshirilgan profilaktik ishlar natijasida tumandagi 29 ta ovul va mahallalarda jinoyat yuz berishiga yo‘l qo‘yilmagan. Jinoyat va huquqbuzarliklar sonini kamaytirish maqsadida tumandagi ovul va mahallalar toifalarga ajratilib, tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, 4 mahalla “qizil”, 16 ta mahalla “sariq” toifaga kiritilib, ular bilan alohida ishlash borasidagi tadbirlar kuchaytirilmoqda.
Joriy yilning 7 oyi mobaynida tuman IIB tomonidan olib borilgan samarali ishlar natijasida tuman hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sezilarli darajada kamayishiga yerishilgan. Xususan, firibgarlik -30 foizga, nomusga tegish -75,0 foizga, badanga o‘rta og‘ir tan jarohati yetkazish –22,2 foizga, badanga yengil tan jarohati yetkazish -20,0 foizga kamaygan.
Tadbir mobaynida kun tartibidagi masala yuzasidan berilgan savollarga mas’ullar tomonidan tegishli javoblar qaytarildi. Mavjud muammo va kamchiliklar tanqid va tahlil etildi hamda oldinda turgan vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Charos Arslonova, tuman hokiligining Axborot xizmati rahbari.