Yurtimizda bayram va muhim sanalar munosabati bilan hududlarni tozalash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, yangi binolarni ham aynan shunday quvonchli kunlarda foydalanishga topshirishdek ezgu an’ana bor. Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami oldidan “Mahalla obod-yurt obod” shiori ostida tashkil qilingan umumxalq xayriya hashari ham Amudaryo tumanida ana shunday xayrli sa’y-harakatlar bilan boshlandi. 25-avgust kuni erta tongdan tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, bo‘limlar boshliqlari hamda tashkilotlar rahbarlari ovul va mahallalarni ikkita mini avtobusda aylangan holda hashar doirasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdilar va hududlarda yangi tadbirkorlik obyektlarining ochilish marosimlarida ishtirok etdilar.
Tumanning Beshtom mahallasiga tashrif chog‘ida zamonaviy sharoitlarga ega “Amu Plaza” mehmonxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirkor Sardor Abdiriymov 2,1 mlrd so‘m o‘z mablag‘ hisobidan yangi zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lgan ikki qavatli xizmat ko‘rsatish markazini barpo etish orqali 5 nafar yangi ish o‘rni tashkil etib, aholi bandligini ta’minlashga hissa qo‘shdi. Ikki qavatli bino ichida mehmonxona, oziq-ovqat do‘koni hamda xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mavjud bo‘lib, mijozlar uchun eng zamonaviy sharoitlar va sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Rahbarlar tadbirkor faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, duoga qo‘l ochdilar.
Shundan so‘ng tuman hokimi Sobir Xo‘jemetov boshchiligidagi tuman rahbarlari Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan markaziy ko‘chalarda, ovul va mahallalarda aholi tomonidan amalga oshirilgan umumxalq xayriya hashari doirasidagi ishlar bilan tanishdilar. Jarayon mobaynida mahallalar "yettiligi” mas’ullari, ya’ni xotin-qizlar faollari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi tomonidan murojaatlari o‘rganilib, ko‘mak berilgan hamda bandligi ta’minlanishiga erishilgan ko‘plab tadbirkorlik obyektlarining ochilish marosimlari tashkil etildi. Rahbarlar kichik do‘konlar, sartaroshxona va xizmat ko‘rsatish, ovqatlanish shoxobchalaridan tortib, ko‘plab ish o‘rinlari yaratilishiga erishilgan to‘yxonalar, bolalar o‘yingohi saroyi, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ochilish marosimlarida ishtirok etdilar.
Hududlarni mini avtobuslarda aylanish mobaynida rahbarlar “Mahalla obod-yurt obod” shiori ostida o‘tayotgan hasharda ishtirok etib, tumanimiz obodligiga hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimizning ishlariga rivoj tiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-avgust kungi farmoyishi asosida davlatimiz mustaqilligining 33 yillik bayramini nishonlashga munosib tayyorgarlik ko‘rish, “Mahalla obod – yurt obod” shiori ostida mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini obodonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish, sog‘lom turmush tarzi hamda sanitariya-gigiyenik madaniyatni targ‘ib qilish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 24-25-avgust kunlari tashkil qilingan umumxalq xayriya hashari doirasida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli turar joylar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar, ko‘cha va yo‘laklari hamda bolalar maydonchalari tartibga keltirildi, daraxtlarni oqlash va butalash ishlari tashkil etildi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa, ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning holidan xabar olindi, ularning hovli-joylari atroflarini obodonlashtirish ishalari tashkil etildi.
Qolaversa, aholi o‘rtasida obodonlashtirish ishlarida faol qatnashish, sog‘lom turmush tarzi hamda sanitariya-gigiyenik madaniyatga rioya qilish masalalari targ‘ib qilinib, joylarda davra suhbatlari tashkil qilinib, tushuntirish ishlari olib borildi.
Tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, bo‘limlar boshliqlari, tashkilotlar rahbarlari tuman hududini aylanish mobaynida Choyko‘l va To‘lqin ovullaridagi tomorqa yer egalari tomonidan issiqxonalarda hamda fermer xo‘jaliklarining paxta ekin dalalarida, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda, yoshlarga ajratib berilgan yerlarda qishloq xo‘jaligi sohasi rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdilar.
Tuman rahbarlari jarayon mobaynida erishilgan yutuqlarni o‘rganib, tomorqa yer egalari, fermerlar faoliyatiga muvaffaqiyat tiladilar hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan tegishli taklif hamda tavsiyalar berdilar. Jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan yuqori hosil olish, paxta xirmonini yaratishda o‘z vaqtida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarning ahamiyati, shuningdek, ekin dalalarini sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish nafaqat suvni tejashga, balki yuqori hosil olishga imkon berishi xususida so‘z yuritildi.
4-sektor hududidagi Beruniy mahallasi hududida joylashgan “Istiqlol” to‘yxonasining 3-qavatida barpo etilgan bolalar o‘yingohining ochilish marosimida bolajonlarning xursandchiliklari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. “VIKTORIYA XOLDING” MCHJ tomonidan 1,2 mlrd so‘mlik tadbirkor o‘z mablag‘i hisobiga bunyod etilgan hamda 3 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanishiga sabab bo‘lgan zamonaviy bolalar o‘yingohi farzandlarimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga xizmat qiladi. Ushbu xizmat ko‘rsatish obyektining ochilish marosimida tuman hokimi va rahbarlar ishtirok etib, tadbirkor faoliyatining yanada rivojlanishiga tilakdosh bo‘ldilar. Shuningdek, rahbarlar jarayon mobaynida "VIKTORIYA XOLDING " MCHJ tomonidan tashkil etilgan 150 o‘rinli “Aristokrat baby” nomli maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati va unda yaratilgan shart-sharoitlari bilan ham tanishdilar.
Ta’kidlash kerakki, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov boshchiligida tuman rahbarlarining tadbirkorlar faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ochilish marosimlarida ishtirok etishi va bu orqali bildirgan e’tiborlari tadbirkorlarimizni o‘z ustida ko‘proq ishlab, faoliyatlarini yanada rivojlantirishga ruhlantiradi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.