Yangi tug‘ruq majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

27-avgust kuni Amudaryo tumani Tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi yangi zamonaviy shart-sharoitlarga ega tug‘ruq majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda nuroniylar, tibbiyot birlashmasi jamoasi ishtirok etdilar.

Ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni zamonaviy tug‘ruq majmuasining foydalanishga topshirilishi hamda mustaqilligimizning 33 yilligi bayrami munosabati bilan tabrikladi.

Jo‘qorg‘i Kenges Raisi o‘z so‘zida keyingi yillarda yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurilishi yo‘lida tarixiy ishlar amalga oshirilganini va bu boradagi sa’y-harakatlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini, ayniqsa, sog‘liqni saqlash sohasi ulkan o‘zgarishlarga yuz tutganligini, sohaga e’tibor ham, munosabat ham tubdan o‘zgarganligini alohida ta’kidladi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson salomatligini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini tubdan oshirish, tibbiyot muassasalarining resurslar salohiyatini yaxshilash, xalqimizning erkin va farovon yashashi, baxtli hayoti yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Sog‘liqni saqlash sohasi rivoji yo‘lida davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari qabul qilinib, aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishga davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratildi. Avvalo, tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keskin oshirildi. Natijada o‘tgan qisqa davrda tibbiyotimizda mislsiz yangilanishlar sodir bo‘ldi.

Ochilish marosimida Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi, faxriy shifokor Sultonboy Tajiniyozov so‘zga chiqib, o‘zining ko‘p yillik tajribasida bugungidek imkoniyatlar va tibbiyot sohasi rivojiga berilayotgan e’tibor mislsiz ekanligini, islohotlarning barchasi inson qadri uchun, aholi salomatligi yo‘lidagi sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi.

Ta’kidlash joizki, bugun tibbiyot sohasida onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga alohida ahamiyat berilib, “Ona va bola sog‘lig‘iga e’tibor – jamiyatga, kelajakka e’tibor” tamoyili asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, tumanimizda ham ushbu tamoyil asosida tibbiyot sohasidagi ezgu ishlarning ko‘lami kengaymoqda. Hududlardagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanib, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli yangi tug‘ruq majmuasining bunyod etilgani ham buning yaqqol ifodasidir.

Tibbiyot birlashmasi tarkibidagi ushbu yangi – qiymati 14,4 mlrd. so‘mga teng bo‘lgan 90 o‘rinli 4 qavatli tug‘ruq kompleksining zamonaviy binosi “Temir beton” MCHJ quruvchilari tomonidan o‘z muddatida va sifatli tarzda qurib bitkazildi.

Yangi loyiha asosida barpo etilgan mazkur imoratdagi isitish va sovitish tarmoqlari ilg‘or texnologiyalar asosida ishlaydi. Olib borilgan keng ko‘lamli qurilish ishlari natijasida zamonaviy qiyofa kasb etgan bino zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan, sifatli tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.

Qayd etish joizki, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, homiladorlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ertamiz egalarining sog‘lom tug‘ilishiga sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar tumanda tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.