Xalqimiz sevib nishonlaydigan bayramlar ko‘p. Har biri o‘zining an’anaviyligi, ko‘p millatli vatandoshlarimizning orzu-intilishlariga hamohangligi bilan hayotimizga o‘ziga xos fayz-tarovat bag‘ishlaydi. Lekin Mustaqillik bayramining fayzi ham, tarovati ham boshqacha: tantanali bayram oqshomlarida san’atkorlarimiz tomonidan ijro etiladigan kuy-qo‘shiqlar jarangidagi, boshdan-oyoq bezangan shahar-u qishloqlar qiyofasidagi ajib jilvalar ham o‘zgacha! Boisi, bu ayyomda Ona Yurt qadri, TINCHLIK, TOTUVLIK, DO‘STLIK, ERK va OZODLIK tuyg‘ulari yanada ulug‘lanadi. Vatanparvarlik, millatlararo totuvlik, Istiqlol ne’matlaridan bahramand Yangi O‘zbekistonning navqiron avlodlari madh etilib, ERK va OZODLIK uchun jon fido qilgan ajdodlar – jadid bobolar xotirlanadi.
Prezidentimizning 2024 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori ham barcha sohalarda tobora yuksak taraqqiyot sari dadil odimlayotgan Yangi O‘zbekistondagi yangilanishlar, xalqimiz hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda “Mustaqil Vatanimizning toza qon tomirlari” bo‘lgan yoshlar erishayotgan katta muvaffaqiyatlarni, jadid bobolarimizning ezgu orzularini amalga oshirish borasidagi fidoyiliklarini o‘zida mujassam etgan tantanali bayram tadbirlarini tashkillashtirish va unda keng xalq ommasining ishtirokini ta’minlashga asosiy e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlangan.
Azaldan yuqoridan biron bir ko‘rsatma kutishga odatlanmagan amudaryoliklar bu yil ham Mustaqillikning o‘ttiz uch yillik ayyomi tantanalarini barvaqt boshlab yubordilar. Avgust oyining ilk kunlaridanoq qishloq va mahallalarda katta tantanalar bilan boshlangan bayramona tadbirlar 29 avgust kuni Amudaryo tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabiga qarashli o‘yingohda jo‘shqinlik bilan davom etdi.
Tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan, “Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” ezgu shiorini o‘zida mujassam etgan olti bo‘limdan iborat teatrlashtirilgan bayram tadbirining butun mazmun-mohiyatida xalqimizning asrlar bo‘yi shakllangan umriboqiy qadriyatlari, Istiqlol bergan ulug‘vor imkoniyatlar o‘z ifodasini topgani bilan qalblarda go‘zal taassurotlar uyg‘otdi. Bayram tantanalarida ko‘p millatli xalqimizning jipsligi, birdamligi va mustaqillik g‘oyalariga sodiqligi yana bir bor namoyon bo‘ldi.
“Mustaqil Vatanda el aziz, inson aziz!” “2024 yil – yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” kabi shiorlar bilan bezatilgan yo‘l-u yo‘laklar, amudaryolik mirishkor dehqonlar, qo‘li gul hunarmandlar-u tadbirkorlar mehnatlarining samaralari, ilmda, sport va san’atda iqtidorli yoshlar erishayotgan yutuqlar aks ettirilgan ko‘rgazmalar ko‘zlarni quvontirdi. Nazarimda har dilda Vatanga mehr, tinchlik va ahillikdan shukronalik tuyg‘ulari hokim bu lahzalardan ko‘ngillar yanada tozardi.
Vatan, muncha shirin non-u tuzlaring,
Ohanrabosi bor dala-tuzlaring.
Dunyoga yuz tutgan o‘g‘il-qizlaring
Tug‘ingni boshida tutganda, jahon
Ko‘rdi! Har yurakda bir O‘zbekiston!
Bayram tadbirining mezboni ham, mehmonlari ham ahil va inoq, et bilan tirnoq kabi taqdirlari bir-birlariga tutash o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, qirg‘iz, tojik, rus, tatar, boshqird, koreys, ukrain kabi xalqlar vakillari bo‘ldilar va barchalari “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” ezgu shiori ostida yanada jipslashdilar. Chunki “Inson qadri ulug‘langan Yangi O‘zbekiston!” shiori bilan boshlangan bayram tadbirining ilk lahzalaridanoq Amudaryo tumani hokimi S.Xo‘jametovning aziz xalqiga yo‘llagan bayram tabrigi har bir inson qalbida o‘zi tug‘ilib o‘sgan muqaddas zaminga nisbatan cheksiz mehr-muhabbat, iftixor tuyg‘usini uyg‘otdi.
Tuman hokimi S.Xo‘jametov amalga oshirilayotgan katta muvaffaqiyatlar, amudaryoliklar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar va yangilanishlar davlatimiz rahbarining odilona siyosati, xalq zakosi, millatlar do‘stligining hayotiy ifodasi ekanligini chin dildan e’tirof etib, Amu xalqiga xos bo‘lgan ming yillik qadriyatlar bardavomligini tiladi.
Bayram tadbiriga maydon uzra yangragan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori yanada jo‘shqinlik baxsh etdi. Amudaryolik san’atkorlar tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan adabiy-musiqiy dastur bayram ishtirokchilari tomonidan olqishlar bilan kutib olindi. Ayniqsa, jadid bobolar, qatag‘on qurbonlari haqidagi sahna ko‘rinishlari bugungi dorilomon kunlar xalqimizga osonlikcha kelmaganini, mustaqillik, erk va ozodlik uchun kurashlarda qurbon bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimiz xotirasi oldida qarzdorlik hissi bilan yashashga burchli ekanligimizni anglatib, tarixiy xotiralar kelajak poydevorini mukammal barpo etishga da’vatkor kuch bo‘lajagini har bir qalbda mustvhkam muhrladi go‘yo.
Tadbirga yosh va iqtidorli san’atkorlarning, “Barkamol avlod” bolalar maktabi jajji bolajonlarining chiqishlari, “O‘zbekiston – yagona uyimiz!” shiori ostidagi san’atkorlarning jo‘shqin kuy-qo‘shiqlari, dilrabo raqslari yanada fayz va tarovat bag‘ishladi.
Nazarimda, amudaryoliklar mustaqillikdek bebaho, oliy ne’matning qadr-qimmatini yanada teranroq his etib, bayram bahona bir-birlari ila diydorlashgan qozoq, qoraqalpoq, turkman-u qirg‘iz, tojik, boshqird, tatar, rus va ukrain kabi millatlar O‘zbekiston ichra ahil va totuv bir oila bo‘lib yashayotganlaridan mamnun, bir-birlariga, Amu eliga xush kayfiyat ulashdilar. Zotan,
Yagona xalq bo‘lib birlashgan millat,
Totuvlik qalblarda eng oliy ne’mat.
Siyosatda o‘ktam, sobit mamlakat –
Istiqbol ufqlari porloq, charog‘on,
Imkonlari ulug‘, bag‘ri keng oshyon!
Ko‘ngillar birlashgan azal-u azal,
Mehr guli ungan ming yillar avval.
Bir yuz qirq millatning erki mukammal
Qomusiy sharh ila yaqqol namoyon –
Unda qadr topgan Hazrati inson!
Tonggi sabolardan ko‘ngillar xurram,
Har bitta go‘shada tantana, bayram.
Ziroatga to‘la dalalari ham
Shunchalar obodon, shunchalar ko‘rkam,
Baxtga yor taqdirim – yorug‘ peshonam!
Totuvlik bazmiga, qarang, jamlashgan
Millatlar, elatlar ahil, sirlashgan.
Aslida barchasi ma’nan birlashgan –
O‘zbekiston manim yagonam – onam –
Udir Sharq gavhari – oltin ostonam!
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz