Bugungi kunda butun mamalkatimiz bo‘ylab olib borilayotgan islohotlar zamirida aholi turmush tarzini yaxshilash, yashash sharoitlarini tubdan o‘zgartirish, xalqimizni uzoq yillar mobaynida qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf qilish kabi ezgu maqsadlar yotadi. Amudaryo tumani aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, iste’molchilarga ichimlik suvini uzluksiz yetkazib berish borasida ko‘rilayotgan choralar ham shular jumlasidandir.
Bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida mustaqillik bayrami kunlarida tumanning O‘rta qal’a ovuli hududidagi suv taqsimlash inshootida tadbir o‘tkazildi. Tadbirda Ozarbayjon Respublikasidan kelgan pudratchi tashkilot “Archico Engineering company” tomonidan 68,5 km magistral va 289,2 km ichki suv tarmoqlarini tortish ishlariga start berildi.
Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, tegishli tashkilotlar rahbarlari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu loyiha orqali tuman aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi yanada oshib, iste’molchilarga ichimlik suvi yetkazib berish hajmi va sifati yanada yaxshilanishini alohida qayd etib o‘tdilar.
Ta’kidalanganidek, 29 mln. AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ evaziga amalga oshiriladigan qurilish ishlari natijasida tuman hududidagi Choyko‘l, Tosh yop, O‘rta qal’a, Kuyuk ko‘pir, Bobur nomli, Xitoy, Bo‘z yop va Qilichboy ovullari, Bosuv, Arna bo‘yi, Jumur ovul, Qizilcholi, Bog‘, Xizr eli, Ayoqchi mahallalari hamda Mang‘it shahridagi barcha mahallalar hududlarida yashovchi 79 mingga yaqin aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Shu o‘rinda, ma’lumot tariqasida aytish joizki, Amudaryo tumanida 212,6 ming nafar aholi isiqomat qilib, shundan 49,5 ming nafari, ya’ni 23,3 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-aprel kungi qaroriga asosan tumandagi aholi toza ichimlik suvi bilan qamrab olish darajasini yanada oshirish maqsadida “Osiyo taraqqiyot banki” kredit mablag‘lari hisobidan jami salkam 42 mln. AQSH dollari miqdoridagi 2 ta yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida sutkasiga 40 ming kub metr suv yetkazib berish quvvatiga ega bo‘lgan “Mang‘it” suv tozalash inshooniti yangidan qurish hamda 68,5 km magistral va 289,2 km ichki suv tarmoqlarini tortish belgilangan.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradigi ishlarda muhim dasturulamal bo‘lmoqda. Qaror asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish va ishlari xalq farovonligiga xizmat qilmoqda.
Xususan, bugungi kunda sutkasiga 40 ming kub metr suv yetkazib berish quvvatiga ega bo‘lgan “Mang‘it” suv tozalash inshooniti yangidan qurish ishlari pudratchi tashkilotlar – “Obi hayot injiniring” MCHJ hamda “Uy-jay qurilis” MCHJ tomonidan boshlab yuborilgan.
Ushbu loyihalar doirasidagi ishlarni amalga oshirish orqali tuman aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.