Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov hamda sektorlar rahbarlarining 3-sektor hududidagi ovul va mahallalarda yashovchi fuqarolar va yoshlar ishtirokida sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Xitoy ovulidagi 2-sonli umumta’lim maktabining faollar zalida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda hokim o‘rinbosarlari, bo‘limlar mas’ullari, korxona-tashkilotlar rahbarlari hamda hududdagi ovul va mahallalarda yashovchi aholi vakillari ishtirok etdilar.
Sayyor qabul avvalida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadri, aholi turmush tarzini, yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, xalqni rozi qilish kabi ustuvor maqsadlarga qaratilganligi xususida so‘z yuritdi. Yig‘ilganlarga davlatimiz rahbarining, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi aholi farovonligini ta’minlashga qaratayotgan e’tibori alohida ekani, hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun berilayotgan imkoniyat va yaratilayotgan sharoitlar mislsizligi ta’kidlandi.
Sayyor qabul mobaynida fuqarolardan turli masalalar yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Xususan, Xitoy ovulida yashovchi Talg‘at Sarsenbayev ovul aholisiga maktabgacha ta’lim tashkiloti zarurligi, shu maqsadda eski bog‘cha binosini ijara asosida olib, uning negizida yangi muassasa faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Fuqaro Rajabboy Sobirov esa maktab chegarasini ajratuvchi devor yo‘lda piyodalar va haydovchilar harakatlanishi uchun qiyinchilik tug‘dirayotganini aytib, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida devorni qisman olib tashlab, panjara o‘rnatishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Shuningdek, fuqarolar Nurlan Sarsenboyev farzandining oliy ta’lim muassasasida o‘qishni davom ettirishi uchun shartnoma pullarini to‘lashda, Zarif Xolmenov farzandining safarbarlik rezervi pulini qoplab berishda, Zamira Kamolova ko‘chasiga tosh yotqizib berishda, Olim Sultanov esa Xitoy ovuli markaziga bankomat o‘rnatishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildilar.
Ovul fuqarolarining murojaatlari qayd etilib, atroflicha o‘rganish hamda ijobiy hal etish yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.
So‘ngra Bo‘zyop ovulidan kelgan aholining murojaatlari qabul qilindi. Bo‘zyoplik O‘skin Aliyev ko‘chasiga yo‘l chiqarishda qo‘shnisi bilan kelishmovchiliklar kelib chiqayotgani sababli yangi ko‘chib borgan uyi joylashgan ko‘chaga yo‘l chiqarib berishda amaliy yordam so‘rab, Abdulla O‘razimbetov Quruvchilar ko‘chasidagi elektr simlari va ustunlarini yangilash masalasida, Oybek Ischanov bolalarning 68-sonli maktabga qatnashlarida qiyinchilik tug‘ilayotgani sababli Sadriddin Ayniy ko‘chasining 1500 km qismiga tosh-shag‘al aralashmasini yotqizish hamda yangi elektr simlari va ustunlarini o‘rnatish bo‘yicha, Qalandar Bobojonov esa hududdagi Arslonbop, Ozodalik, Barchinoy ko‘chalariga oqova suv yetib borishi uchun Yangi yop kanalining o‘ng tomonidagi Sityop kanalini qazishda amaliy yordam berish masalasida murojaat qildilar.
Shundan so‘ng Bobur nomli hamda Kuyuk ko‘pir ovullari, Qizilcholi, O‘zbekiston, Tor yop, Namuna mahallalaridan kelgan fuqarolar hamda yoshlar ichki yo‘llarni ta’mirlash, oliy ta’lim muassasalarining shartnoma pullarini to‘lashda amaliy yordam berish, mutaxassisligi asosida ishga joylashish kabi masalalar yuzasidan mas’ullarga murojaatlar yo‘lladilar.
Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan yo‘llangan barcha murojaatlar qayd etib borildi. Murojaatlarning aksariyati qabul jarayonida o‘z yechimini topdi. Qolgan murojaatlarni ham belgilangan tartibda ijobiy hal etish uchun mas’ullar bilan kelishib olindi hamda tegishli topshiriqlar berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.