Amudaryo tumani Tosh yop ovulidagi “Bekmon Allaberganov” fermer xo‘jaligi dalasida joriy yilgi paxta yig‘im-terim mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maisadida qishloq xo‘jaligi xodimlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari hamda fermerlar ishtirok etdilar. Seminarda paxta yig‘im-terimi mavsumida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Jumladan, paxtani nest-nobud qilmasdan o‘z vaqtida yig‘ib-terib olish, terim mavsumidagi barcha ishlarni to‘g‘ri tashkil etish yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi. Shuningdek, paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish yuksak paxta xirmoni bunyod qilishda alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Bugungi kunda tumanimizdagi barcha fermer xo‘jaliklarining paxta dalalarida g‘o‘zalar qiyg‘os ochilib, dalalar oppoq tusga kirgan. Paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘o‘zani parvarishlash ishlarining o‘z vaqtida va sifatli olib borilgani, paxta yetishtirishga mas’ul shaxslarning fidoyi mehnatlari natijasida dalalarda mo‘l hosil yetishtirildi. Sentyabr oyining boshlaridanoq barcha fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan hosilni yig‘ib-terib olish ishlari boshlab yuboriladi. Mavsum boshlanishidan avval terim uchun barcha sharoitlar yaratilib, zarur resurslar taxt qilib qo‘yildi.
Aytish joizki, paxta yig‘im-terimini g‘o‘zaning pishish holatidan kelib chiqib, ya’ni paxtaning kamida 70-75 foizi ochilganidan keyin terish maqsadga muvofiq. Hududlarda paxta yig‘im-terimiga ommaviy kirishish kechi bilan 10-sentyabrdan boshlandi va 10-oktabrgacha birinchi terim to‘liq yakunlanib, ikkinchi terimga o‘tiladi.
Paxta terimi mavsumida ko‘ngilli, 18 yoshdan katta, muayyan mehnat bilan band bo‘lmagan ishga layoqatli vaqtincha ishsiz, ayrim hollarda mehnat resurslari yetmagan hududga boshqa hududlardan kelib haq evaziga terimda ishtirok etish istagini bildirgan terimchilar maxsus terim otryadlariga biriktiriladi.
Ma’lumot o‘rnida, tumanda paxta yig‘im-terimi mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni optimal muddatlarda amalga oshirish maqsadida 310ta terim otryadlari tashkil qilingan. Terim otryadlariga 100-150 nafardan iborat tashabbuskor guruhlar hamda mahallalarda tajribali ko‘cha faollaridan iborat otryad rahbarlari tayinlangan. Otryadlarga jami 17 ming 490 nafar terimchilar jalb qilingan.
Bu kabi yuksak tashkiliy ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – tumandagi 352ta fermer xo‘jaliklarining 13 ming 900 gektar maydonida pishib yetilgan hosildan jami 48 ming 500 tonnalik xirmon bunyod qilish va shartnomalarga muvofiq xom ashyoni 6ta klasterlarga o‘z vaqtida hamda sifatli tarzda yetkazib berishdir.
Seminarda paxta yig‘im-terimi mavsumida fermer xo‘jaliklari tomonidan terimchilarni zarur mehnat va dam olish sharoitlari bilan ta’minlash, ularga mehnat haqini o‘z vaqtida va to‘liq to‘lash, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan yig‘im-terimga jalb qilingan shaxslarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ularga qulayliklar yaratish maqsadida ko‘chma savdo do‘konlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tibbiy, madaniy hamda maishiy xizmatlar ko‘rsatish xususida so‘z yuritilib, hosilni nest-nobud qilmasdan terib olish bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.