Amudaryo tumanida paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlandi

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida 2024- yil hosili uchun yetishtirilgan paxta xomashyosini yig‘ib-terib olish mavsumining ramziy boshlanishi sifatida “Paxta karvoni” tadbiri o‘tkazildi.

Tumandagi Qipchoq paxta qabul qilish maskanida bo‘lib o‘tgan tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, fermerlar ishtirok etdilar. Tadbirni tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ochib berdi va barchani joriy yilgi paxta hosilini yig‘ib-terib olish mavsumining boshlangani bilan tabriklab, fermer xo‘jaliklari mas’ullari va terimchilarni hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish, mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish hamda kontraktatsiya shartnomalarini ortig‘i bilan bajarishga chaqirdi.

Tadbirida qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari hamda ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlari so‘zga chiqib, paxtakorlarni mavsum davomida g‘o‘zani parvarishlash borasida mashaqqatli mehnat qilganining, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarganining natijasi, ya’ni hosilni yig‘ib olishdek mas’uliyatli mavsumga yetib kelganliklari bilan tabrikladi.

So‘zga chiqqanlar dehqonlarning peshona teri evaziga yetishtirilgan hosilning qisqa muddatlarda sifatli terib olinishida barcha paxtakorlarga kuch-g‘ayrat tiladi. Shuningdek, barchani hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib-terib olishga bor imkoniyatni safarbar qilishga chaqirdi. Tadbirga yig‘ilganlar yuqori kayfiyatda boshlangan terim mavsumida Amudaryo tumani eng ilg‘orlar qatorida bo‘lishini tilab duoga qo‘l ochdilar.

Tadbir mobaynida “Qipchoq” paxta qabul qilish maskanining darvozalari ochilib, ilk paxta xomashyosi qabul qilinishi boshlandi. Mavsumni faollik bilan boshlagan va paxta karvoniga karvonboshilik qilgan 3ta fermer xo‘jaliklari rahbarlariga tuman hokimi Sobir Xo‘jametov tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Jumladan, Qipchoq ovuli hududidagi “Umida Tursunboyeva” fermer xo‘jaligi birinchi bo‘lib paxta topshirgan xo‘jalik sifatida qayd etilib, 15 tonnadan ortiq paxta xomashyosini, “Fayz bargida” fermer xo‘jaligi 10 tonnaga yaqin paxta xomashyosini, Amir Temur ovuli hududidagi “Qurbaniyazov Latifboy” fermer xo‘jaligi 5 tonnadan ortiq paxta xomashyosini ilg‘orlar qatorida topshirdilar ham esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildilar.

Shu kabi tadbir tumanning Ayoqchi mahallasidagi paxta qabul qilish maskanida ham o‘tkazildi. Qilichboy ovulidagi fermer xo‘jaliklari dalalarida ham bu yil mo‘l hosil to‘plandi. Hududda joylashgan fermer xo‘jaliklarining barchasida paxta yig‘im-terimiga uyushqoqlik bilan kirishildi va hosilni to‘liq qabul maskanlariga topshirib, “oq oltin”dan yuqori daromad olish ko‘zlanmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, tumandagi jami 13 ming 900ga ekin maydonlarida paxta chigiti ekilgan bo‘lib, 352 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘o‘zani parvarishlash, agrotexnik tadbirlarini amalga oshirish ishlari o‘z vaqtida tashkil etilib, paxta yetishtirildi. Tumandagi fermer xo‘jaliklari klasterlar bilan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq joriy yilgi mavsum mobaynida jami 48 ming 500 tonna xom-ashyo yetishtirish majburiyatini olgan. 13 sentyabr holatiga fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 842 tonna hosil yig‘ib-terib olingan. Shundan 1-sektor hududidagi paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari 215 tonna, 2-sektor hududidagi paxtakorlar 275 tonna, 3-sektor hududidagi xo‘jaliklar 249 tonna va 4-sektor hududidagi fermer xo‘jaliklari jami 103 tonna paxta hosilini topshirgan.

“Paxta karvoni” tadbiri mobaynida yetishtirilgan paxta xomashyosini qisqa muddatlarda, sovuq kunlarga qoldirmasdan yig‘ib-terib olish borasida oldinda turgan vazifalar xususida so‘z yuritildi. Otryad rahbarlari tomonidan terim jarayonlarini belgilangan tartibga muvofiq tashkil etish, dala boshida terimchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish zarurligi alohida qayd etilib, tegishli mas’ullarga taklif va ko‘rsatmalar berildi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.