Sudlar faoliyatida ochiqlikni ta’minlash bilan bir qatorda, fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida joriy yilning 10-iyun kuni «Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni imzolandi.
Farmonga muvofiq Sudyalar oliy kengashiga Oliy sud bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvariga qadar tergov sudyasi lavozimi joriy etiladigan sudlarning yuqori malakali va mas’uliyatli kadrlar bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha 2025-yil 1-yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida ish boshlaydigan tergov sudyalari jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalalari — qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish hamda prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatmalarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarini ko‘rib chiqadi.
Bundan tashqari, tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ham yuklatilmoqda. Bu orqali jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudi sudyalari o‘rtasida ish hajmi mutanosibligi ta’minlanadi. Shuningdek, bu jinoyat ishlarini ko‘rish jarayonida ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha ho¬latlarni sinchkovlik bilan to‘liq va xolisona tekshirib chiqish, sudlanuvchilarning barcha vajlarini tekshirish va taraflar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarni batafsil ko‘rib chiqishga huquqiy zamin bo‘lib xizmat qiladi.
E’tiborli tomoni, farmonda tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunishi hamda tergov sudya¬siga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatili¬shiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Xulosa sifatida aytadigan bo‘lsak, sud-huquq tizimidagi bu muhim o‘zgartirishlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning ish yuklamasini kamaytirish hamda sudyalarning jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish jarayonlarida qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
D.I.Davletov, Qo‘ng‘irot tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi