Mamlakatimizning barcha hududlari singari Amudaryo tumanining shahar, ovul va mahallalari ham yildan yilga go‘zallashib, yangilanib, aholining turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiluvchi zamonaviy binolar qad rostlamoqda. Turli manbalardan ajratilgan mablag‘lar va qo‘li gul, tajribali quruvchilarning tinimsiz mehnatlari sababli muhim infrastruktura obyektlari qurilmoqda. Ayniqsa, tuman markazidan olis hududlarda yashayotgan aholining ko‘p yillar mobaynida yechimini topmay kelayotgan muammolari bugun bartaraf qilinayotgani insonlar qalbida shukronalik tuyg‘ularini uyg‘otmoqda. Salkam 214 ming nafarga yaqin aholi tinch-totuv hayot kechirayotgan tumanning har bir ovul va mahallasida bugun ham qurilish va bunyodkorlik ishlari yuqori sur’atlarda davom etmoqda.
Qangli ovuli hududida shu kunga qadar faqat bittagina – 49-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, bog‘cha binosi eskirganligi sababli muassasa ish faoliyatini to‘xtatgan edi. Bugungi kunda ovul aholisi uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy, 90 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qayta rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Rekonstruksiya ishlari pudratchi tashkilot “Jumurtov tex ta’mir servis” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Qurilish-ta’mirlash ishlariga umumiy qiymati 3 mlrd 335 mln so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Eski bog‘chada sharoitlar bo‘lmagani, uzoq yillar davomida bu borada ko‘plab qiyinchiliklar kuzatilgani ham ayni haqiqat. Kelajak egalari dastlabki ta’lim-tarbiyani maktabgacha ta’lim tashkilotlarida olar ekan, bog‘chalar farzandlarimizning yetuk va barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlari, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan komil inson bo‘lib ulg‘ayishlarida muhim ahamiyatga ega. Bu haqiqatni chuqur anglagan va shu paytgacha “farzandlarimiz qachon zamonaviy bog‘chada ta’lim-tarbiya olar ekan”, degan savollar bilan yashab kelayotgan ovul ahli bugun davlatimizdan, hukumatimizdan juda minnatdor.
Kuyuk ko‘pir ovuli tumanimizning chekka hududlaridan biri bo‘lib, ovuldagi 5-sonli oilaviy poliklinika shifokorlari hudud aholisining sog‘ligini saqlash yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Poliklinikaning eski, yaroqsiz holga kelib qolgan binosida sharoitlarning yo‘qligi uzoq yillardan beri aholining asosiy muammolardan biri bo‘lib kelgan. Bugun esa eski bino o‘rnida yangi, zamonaviy ko‘rinishga hamda shart-sharoitlarga ega bo‘lgan, ikki qavatli oilaviy poliklinika binosi qad rostladi hamda foydalanishga topshirilish arafasida turibdi. “Jumurtov tex ta’mir servis” MCHJ tomonidan 3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga amalga oshirilgan qurilish ishlari yakunlanib, binoga zamonaviy inventarlar hamda tibbiy asbob-uskunalar buyurtma qilingan.
Bugungi kunda tadbirkorlar uchun berilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar har bir mahalladagi ishbilarmonlar faoliyatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Kuyuk ko‘pir ovuli hududidagi bo‘sh turgan yerlar Prezident farmoni asosida tadbirkorlarga berilib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilgani va biznes egalarining daromadlari oshayotgani fikrimizning isbotidir. Hududda yangi qurilayotgan aholiga xizmat ko‘rsatish markazi ham tadbirkorning ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanayotganining dalilidir. Qurilish ishlari o‘z nihoyasiga yetib, obyekt foydalanishga topshirilgach, 20 nafar ishsiz aholining bandligi ta’minlanishiga erishiladi.
Tuman markazidan juda olisda, Turkmaniston bilan chegarada joylashgan Qoramon mahallasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari ham havas qilgudek darajada. Hududning shifobaxsh havosi, betakror tabiati, atrofni o‘rab olgan yashilligi kishini o‘ziga tortadi. 4 ming 425 nafar aholi yashab kelayotgan Qoramon mahallasida asosan dehqonchilik rivojlangan bo‘lib, qoramonliklar xalqimizni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda. Ammo, hududda shu kunga qadar bolalar bog‘chasi yo‘qligi ovul aholisining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Maqsadi, orzu-istaklari bir bo‘lgan hudud aholisining bu muammosi ham ijobiy yechimini topish arafasida turibdi.
Muhtaram Prezidentimizning alohida g‘amxo‘rligi, olis va chekka hududlar aholisi farovonligi yo‘lida amalga oshirayotgan keng ko‘lamligi islohotlari natijasida Qoramonda ham zamonaviy davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi qad rostlamoqda. Mahalla bolajonlari uchun 150 o‘rinli, zamonaviy ko‘rinishdagi, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining qurilishi so‘nggi bosqichda turibdi.
Muassasa binosining qurilishiga jami 6 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, qurilish ishlari “Mang‘it invest maksimum” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Ayni paytda binoni pardozlash ishlari davom etmoqda. Mahalla faollari, nuroniy otaxonlar bilan suhbatlashar ekanmiz, farzandlarimiz bog‘cha ko‘rmasdan maktabga bordilar, endi nevaralarimiz uchun bunday sharoitlar yaratilmoqda, bundan juda xursandmiz, deya o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Charos Arslonova, tuman hokimligining axborot xizmati rahbari.