AHOLI XONADONLARINI KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORLASH BO‘YICHA KO‘RGAZMALI O‘QUV SЕMINARI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda har yili kuz-qish mavsumi boshlanishi oldidan joylardagi Favqulodda vaziyatlar mas’ul xodimlari tomonidan aholi xonadonlarining holati atroflicha o‘rganilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘riladi. Favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilish zarurligi tushuntirilib, kerakli ma’lumot va tushunchalar beriladi. Shu bilan birgalikda soha vakillari aholi xonadonlaridagi isitish tizimlari holatini o‘rganish natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishida aholiga yaqindan yordam berishadi. Mas’ullar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda bo‘lishib, ularning xonadonlaridagi isitish tizimlaridagi kamchiliklarni bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatishadi.

Amudaryo tumanida ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi amaliy ishlar belgilangan reja asosida olib borilmoqda. Soha mutaxassislari tomonidan aholi vakillarini jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tumanning eng chekka hududlarida ham o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 17-sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Azamat Davletov va Amudaryo tuman hokimi – fuqaro muhofazasi boshlig‘i Sobir Xo‘jametovlar boshchiligida tuman hokimligi binosida bo‘lib o‘tgan o‘quv seminarida ham favqulodda vaziyatlarda aholini ishonchli himoyalash, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha birinchi galda amal qilinishi zarur bo‘lgan sa’y-harakatlar haqida so‘z yuritildi. Seminarda asosan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish, aholining is gazidan zaharlanishining oldini olish maqsadida xonadonlarni zamonaviy isitish tizimiga o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.

Ko‘rgazmali o‘quv seminarida tegishli korxona-tashkilotlar rahbarlari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda Amudaryo tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi maktablarning direktorlari ishtirok etdilar.

Seminar kun tartibidagi asosiy masala – aholi xonadonlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash va mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf qilish, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish yuzasidan Amudaryo tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ul mutaxassislari ko‘rgazmali vositalar orqali zarur tushunchalar berdilar.

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar xodimlari izg‘irinli kunlar boshlanmasidan burun tegishli aholi xonadonlaridagi isitish tizimlarini zamonaviy isitish tizimiga va gorelkalarga o‘tkazish kerakligini alohida ta’kidlab, isitish qozonlarining dudburonlarini o‘rnatish qoidalarini amaliy tarzda ko‘rsatib berdilar.

Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning isitish qozonlarini ta’mirlashda amaliy yordam berish zarurligi qayd etilib, har bir mahallada kamida 2tadan dudburon tozalaydigan guruh tashkil qilish bo‘yicha ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga topshiriqlar berildi.

Robiya Yo‘ldosheva.

manba: amunews.uz