Qishloq joylarda birlamchi tibbiyot muassasalari aholining salomatligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ular kasalliklarning oldini olish, profilaktika ishlari va patronaj xizmatlarini amalga oshirishda asosiy o‘rin tutadi. Shu sababli ham keyingi yillarda hududlardagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qator qarorlar qabul qilinib, islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, shuningdek, kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Amudaryo tumanining olis Xitoy va Bo‘z yop ovullari hamda ushbu ovullar tarkibidagi mahallalar aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi 6-sonli oilaviy poliklinikasi binosi ancha eskirgani bois, bu yerda aholiga birlamchi tibbiy xizmatni sifatli va a’lo darajada ko‘rsatish borasida qiyinchiliklar kuzatilayotgan edi. Tibbiy muassasalarni bosqichma-bosqich qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha maxsus dastur asosida mazkur 6-sonli oilaviy poliklinika binosi ham mukammal ta’mirlanib, 23- sentabr kuni foydalanishga topshirildi.
Muassasa binosining ochilish marosimida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman faollari va ovul ahli ishtirok etishdi. “Mang‘it ideal qurilish” MCHJ tomonidan 750 mln so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilgan mazkur rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari binoga yangicha qiyofa baxsh etib, nafaqat sifatli birlamchi tibbiy xizmat uchun sharoit yaratdi, balki ovulning ko‘rkam inshootlari sonini yana bittaga ko‘paytirdi.
Binoning ochilish marosimida so‘z olganlar – tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, mehnat faxriysi, mahalla faoli Tursunboy Abdullayev va boshqalar ta’kidlaganlaridek, mamlakatimizda aholi, ayniqsa olis qishloqlarda yashovchi fuqarolar salomatligini saqlash davlatimizning doimiy diqqat markazidagi masala bo‘lib kelmoqda. So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida aholining salomatligi va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar hajmi yil sayin ortib bormoqda. Bu esa o‘rtacha umr davomiyligining oshishiga ham zamin yaratmoqda.
Ochilish marosimidan keyin mehmonlar poliklinika binosiga kirib, bu yerda tabbiyot xodimlarining faoliyat yuritishlari uchun yaratilgan sharoitlar va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar.
Aytish joizki, Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli mazkur 6-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi 4ta hudud – Xitoy va Bo‘z-yop ovullari hamda Tor-yop va Namuna mahallalaridagi jami 3039ta xonadonda yashovchi 16 ming 791 nafar aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatadi. Aholining 8 ming 541 nafari erkaklar, 8 ming 250 nafari esa ayollardir. Ulardan 14 yoshgacha bo‘lganlar soni 5 ming 39 nafarni, 15-17 yoshlilar soni 907 nafarni, 18 yoshdan kattalar soni esa 10 ming 845 nafarni tashkil qiladi. Poliklinikaning xizmat hududida yashovchi 1 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar 432 nafar, tug‘ish yoshidagi ayollar esa 4 ming 279 nafarni tashkil qiladi.
Bu kabi katta hududda yashovchi ko‘p sonli aholiga sifatli birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun 6-sonli oilaviy poliklinikada 8ta tibbiy brigada tashkil etilgan bo‘lib, ular tarkibida 8 nafar oila shifokorlari, 16 nafar patronaj hamshirasi, 8 nafar umumiy amaliyot hamshirasi, 4 nafar tibbiy brigada doyasi hamda 5 nafar tor doiradagi shifokorlar, ya’ni akusher-ginekolog, jarroh, stomatolog, ultratovush tahlili shifokori, vrach-laborantlar faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, poliklinikada 4 o‘rinli kunduzgi statsionar ham tashkil etilgan.
Ishonamizki, yangi binoda faoliyatini davom ettirayotgan oilaviy poliklinikaning mehnat jamoasi o‘z kasblarini sidqidildan, fidoyilik bilan bajarib, aholi salomatligini saqlash yo‘lida yanada samarali ish olib boradilar.
amunews.uz