Ijtimoiy tarmoqlarda Amudaryo tumani Do’stlik mahallasi Matbuotchilar ko’chasidan yo’llangan murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz. Ushbu murojaat ijtimoiy tarmoqlar orqali takroriy yo’llanayotgan bo’lib, murojaat tegishli tashkilotlar tomonidan o’rganildi.
Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko’ra 2014-yilda murojaatda keltirilgan ichki yo’lning 0,57 km qismida ta’mirlash, ya’ni asfalt yotqizish ishlari amalga oshirilgan. Bugungi kunda ushbu yo’lning ta’mirtalab ahvolda ekanligi hamda yo’lning 140 m2 qismida chuqurchalar paydo bo’lganligi sababli ta’mirlash uchun tegishli tashkilotlarga takliflar berilgan.
Tuman yo’llardan foydalanish davlat muassasi tomonidan murojaatda ko’rsatilgan yo’l Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi ichki xo’jalik yo’li bo’lishiga qaramay, murojaatning ijobiy hal etilishi maqsadida yo’l chetiga chang ko’tarilmasligi uchun material yotqizilib, ta’mirlash ishlari olib borildi.
Shuningdek, murojaatda keltirilgan yo’l harakati qoidalari buzilayotganligi masalasi tuman IIB JXX YHXB tomonidan o’rganishlar natijasida quyidagilar ma’lumot tariqasida keltiriladi. Mazkur yo’l umumfoydalanishdagi 4R160 “Gurlan-Mang‘it-Turkmaniston chegarasi” avtomobil yo‘lining Matbuotchilar ko‘chasidan o‘tgan qismi bo’lib, unda “Yuk avtomobillarining harakatlanishi taqiqlangan” yo‘l belgisi yo‘qligi, bu ko‘chaning murojaatda ko‘rsatilgan qismida “To‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgisi o‘rnatilganligi aniqlandi.
Shu o’rinda ma’lumot tariqasida aytish joizki, yo‘l harakati qoidalariga ko’ra “Yuk avtomobillarining harakatlanishi taqiqlangan” yo‘l belgisi cheklangan vazn ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bu belgi to‘la vazni 3,5 tonnadan yuqori bo‘lgan barcha yuk avtomobillarining, barcha traktorlarning, o‘zi yurar mashina va mexanizmlarning harakatlanishini taqiqlaydi. Bu belgi 3.2 belgisiga o‘xshab ta’sir oralig‘ida yashovchi va ishlovchilarga dahldor emas, shuningdek, bortlariga qiya oq chiziq tortilgan yoki odamlarni tashiyotgan yuk avtomobillarining harakatlanishini ta’qiqlamaydi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.