Bir inson tug’ilib-o’ssa, o’z sevgan kasbini egallasa, kasbidan kamol topsa, jamiyatda o’z o’rniga ega bo’lsa, odamzot uchun eng oliy baxt shu bo’lsa kerak.
Har bir inson o’zi sevgan kasbini tanlaydi va bu uning faxriga aylanadi. Men ham o’zimni mana shunday baxtga erishgan inson sifatida faxr bilan ayta olaman. Men ana shunday sharafli kasbni egallagan baxtli ayolman!
Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov bu kasbga shunday ta’rif beradi:”Dunyo imoratlari ichida eng ulug’i maktab bo’lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o’qituvchilik va murabbiylikdir.” O’qituvchilik! Ustozlik! qarang, qanday jarangdor so’zlar. Bu so’zni eshitgan paytimizda barcha kasb egalariga, u xoh shifokor bo’lsin, u xoh muhandis barchasiga ta’lim beruvchi inson ko’z oldimizda gavdalanadi. Har qanday kasb egasi qaysi sohada kamolotga erishmasin, u birinchi ta’lim bergan bir harf o’rgatgan ustozini aslo unutmaydi.
Men Rahimboyeva Shahlo Yangiboy qizi o’qituvchilik kasbda o’z faoliyatimni 2016-yilda Amudaryo tumanidagi 55-sonli maktabda boshladim. Bu yerdagi 8 yillik faoliyatim davomida men bir qancha yutuqlarga erishdim. Eng birinchi yutug’im sifatida shuni ayta olamanki: maktab jamosida o’z o’rnimga ega bo’ldim, ularning mehrini, muhabbatini qozona oldim. Jamoada birga ishlashlik,birgalikda birdam bo’lib harakat qilish tuyg’usini his qila oldim. Bundan tashqari, o’quvchilar bilan birga ishlash ko’nikmasi, ularning ko’ngliga yo’l topa olish, har bir o’quvchiga mehr ko’rsatishni ham mana shu dargohda o’rgandim.
Maktabimizda turli xil bayramlarda ma’muriyatimiz tomonidan o’tkaziladigan o’qituvchilar o’rtasidagi tanlovlarda qatnashib faxrli o’rinlarni egallashga muvaffaq bo’ldim. Fan oyligi doirasida o’tkaziladigan tadbirlarda ham o’z faolligimni ko’rsatmay qolmayman. O’quvchilar bilan turli xil sahna ko’rinishlari, raqslar tayyorlab, bayram kechalarni ham judayam chiroyli va zavqli qilib o’tkazamiz.
Inson zoti borki, har doim yangilikga intilib yashaydi. Men ham o’z ustimda ishlashni, yangiliklar qilishni sevadigan inson sifatida har bir darsimni yangi innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda tashkillashtirishga harakat qilaman. Bu esa o’z navbatida dars jarayonida o’quvchilarimning faolligini oshiradi, o’zaro raqobat, fikrlar xilma-xilligi kuchayadi hamda ta’lim sifatini oshirishga, o’quvchilarimning dunyoqarshlarining kenggayishiga xizmat qiladi. O’zim esa darslarimning mazmunli, o’quvchilar uchun foydali bo’layotganini ko’rib quvonaman. Ko’nglimda kasbimga faxr-iftixor hissini yanada kuchaytiradi.
Mana shunday qalbida kasbiga faxr tuyg’usi jo’sh urib turgan ustozlarga mashaqqatli faoliyati davomida zafarlar tilab qolaman! Kasb bayramingiz muborak, aziz ustozlar!
Shahlo Rahimboyeva, Amudaryo tumani 55-sonli umumta'lim maktabi o'qituvchisi.