Amudaryo tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng nishonlandi

Туман янгиликлари

Xalqimizning milliy-ma’naviy qadriyatlari nafaqat oilalar va har bir inson shaxsiyatida, balki barcha sohalar, ayniqsa, ta’lim-tarbiya tizimida o‘z aksini topgan. Shu bois, umumta’lim maktablarida olib borilayotgan dars mashg‘ulotlarining mazmun-mohiyatida ham xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, o‘zaro mehr-oqibat, xalqparvarlik, birdamlik tuyg‘ulariga alohida urg‘u beriladi. Bundan ko‘zlangan yagona maqsad – yangilanayotgan O‘zbekistonga munosib, ma’nan va jismonan yetuk avlodlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishdir.

Amudaryo tumanidagi 86ta umumta’lim maktablarida so‘nggi yillarda ta’lim-tarbiya jarayonida erishilayotgan muvaffaqiyatlar zamirida ham pedagogik jamoalarning o‘zaro ahilliklari, barkamol avlod tarbiyasi yo‘lidagi birdamligi mujassam. Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi ma’muriyati tumandagi ushbu soha muassasalarining faoliyatini metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlab, amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Ayni paytda maktablarda 38 ming 769 nafar o‘quvchi-yoshlar zamonaviy pedtexnologiyalar asosida ta’lim-tarbiya olishmoqda. 4 ming 61 nafar o‘qituvchilarning 97 foizi oliy ma’lumotli mutaxassis fan o‘qituvchilari bo‘lib, ulardan 421 nafari oliy, salkam 1000 nafari 1-toifaga ega bo‘lgan o‘z kasbining fidoyilaridir.

So‘nggi yillarda maktablarning moddiy-texnik ta’minoti yaxshilandi va 44-, 45-, 1-, 31-, 86-sonli maktablar binolarini mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, o‘qituvchi hamda o‘quvchilar uchun zarur sharoitlar yaratildi. Ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarga muvofiq mahalliy budjet mab­lag‘lari hisobidan 4ta maktab zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Koreyaning EKSIMBANKi grantlari hisobidan 6ta maktabga 96 dona, Respublika budjeti hisobidan 17ta maktabga 176 dona  kompyuter jamlanmalari yetkazib berildi.

Davlatimiz tomonidan ta’lim-tarbiya sohasiga qaratilayotgan e’tibor va rag‘bat tufayli kadrlar salohiyati ham yil sayin oshib bormoqda. Natijada bitiruvchi yoshlarning OTMlarga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi ham yuqori bo‘lmoqda. Ayni paytda kadrlar salohiyati jihatidan 40-sonli maktab pedagogika jamoasi erishayotgan yutuqlar quvonarli. Mazkur ilm maskanida faoliyat olib boruvchi 103 nafar pedagog kadrlarning 43 nafari oliy va 1-toifaga, 13 nafar ingliz tili fani o‘qituvchilarining barchasi xorijiy tilni o‘qitish bo‘yicha xalqaro va unga tenglashtirilgan sertifikatga ega yuqori malakali pedagoglardir. 2023-2024 o‘quv yilida mazkur maktabning 53 nafar o‘quvchilari chet tili fanidan xalqaro va unga tenglashtirilgan sertifikatga ega bo‘lib, tumanda yetakchilik qildi.

Prezident sovrini uchun o‘tkazib kelinayotgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovida ham 40-sonli maktab jamoasi 3 yildan buyon tumanda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda.

O‘tgan o‘quv yilida 11-sinfni tuman bo‘yicha 27 nafar o‘quvchi oltin, 4 nafar o‘quvchi kumush medallar bilan bitirib, OTM ga kirish imtihonlarida 67-sonli maktab o‘rtacha 104 ball, 43-maktab 102,7 ball, 40-maktab 98,4 ball to‘plab, birinchi uchlikdan joy oldilar. Maktab bitiruvchilari OTMga kirish bo‘yicha 22-sonli maktab tumanda 1-o‘rinni egalladi. Mazkur maktabni 2023-2024 o‘quv yilida 48 nafar o‘quvchi bitirib, shundan 30 nafari, ya’ni 63 foizi davlat OTMga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Kasb faoliyati davomida mana shunday yuksak marralarni zabt etayotgan, yosh avlodga munosib ta’lim-tarbiya berib, Uchinchi Renessans poydevorini barpo qilayotgan amudaryolik o‘qituvchilar kasb bayramini ham munosib nishonladilar.

30 sentyabr kuni sana munosabati bilan tashkil qilingan tantanali tadbirga ta’lim sohasi ilg‘orlari, faxriy o‘qituvchilar, yuksak natijalarga erishayotgan ustozlar va tajribali murabbiylar taklif qilindi.

Tadbir avvalida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Yusupov, nuroniy Bekman Allaberganov, faxriy o‘qituvchi Ashirboy Qo‘shayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Hamidulla Begdullayev va boshqalar so‘zga chiqib, yurtimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritib, o‘qituvchi va murabbiylarni 1 oktyabr – kasb bayramlari bilan muborakbod etdilar.

Chindan ham, o‘qituvchilik kasbi insonning shaxs sifatida kamol topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ular bilimning chirog‘ini yoqib, yosh avlodning ongi va qalbini yoritadilar. O‘qituvchilar nafaqat bilim beradi, balki hayot ko‘nikmalarini ham o‘rgatadilar, shu bilan birga o‘quvchilarning axloqiy va ijtimoiy tarbiyasida ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ustozlarning bizga bergan bilim va ko‘nikmalari butun umrimiz davomida yo‘lchi yulduz bo‘lib hayot yo‘limizni yoritadi. Insoniyat ibtidosidan to bugunga qadar erishilgan barcha yutuqlar aynan ustoz va murabbiylar tufaylidir. Shu sababli ham yurtimizda o‘qituvchilik kasbining maqomini yuksaltirish, soha xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Aytish joizki, Amudaryo tumani maktablarida malakali o‘qituvchilar ko‘p. Xususan, 36-sonli maktabning fizika fani o‘qituvchisi Xushnud Chorshamov va matematika fani o‘qituvchisi Azim Saparboyevlar hamkorligida tashkil etilgan 11-“G” variativ sinfida 25 nafar o‘quvchi ta’lim olib, barchasi – 100 foiz OTMga kirishga muvaffaq bo‘ldilar. Shunisi e’tiborliki, ulardan 12 nafari davlat granti, 13 nafari to‘lov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilindilar. 40-sonli maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Nurbek Jumaniyazov va matematika fani o‘qituvchisi Sherzod Ashirovlar hamkorligida tashkil etilgan 11-“D” variativ sinf o‘quvchilarining ham barchasi, shu jumladan 4 nafari davlat granti, 23 nafari to‘lov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilindilar.

Amudaryolik pedagoglar joriy 2024-2025 o‘quv yilini ham yanada jipslik va birdamlik bilan boshladilar. Ular yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida yanada faol mehnat qilib, mamlakat kelajagi va xalq farovonligiga munosib hissa qo‘shadigan kadrlarni tarbiyalashni o‘z oldlariga maqsad qilib qo‘yganlar. Mana shunday qadrli va ardoqli ustozlarga bayram munosabati bilan yanada chuqur ehtirom ko‘rsatilib, ularning fidoyi mehnatlari e’tirof etildi. Bayram tadbiri so‘ngida faol o‘qituvchilar, tajribali murabbiylar va ilg‘or tarbiyachilar tuman hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Fursatdan foydalanib, ta’lim-tarbiya sohasining barcha fidoyilarini, faxriy ustozlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni – umumxalq bayrami bilan chin dildan tabriklab, oilalariga farovonlik, birdamlik, mustahkam sog‘lik tilaymiz.

Aziz ustoz va murabbiylar! Sizning sa’y-harakatlaringiz tufayli yosh avlod nafaqat ilm-fan sohasida, balki ma’naviy va jismoniy jihatdan ham kamol topmoqda. Davlatimiz va jamiyatimiz Siz azizlarning mehnatlaringizni yuksak e’tirof etadi va qadrlaydi. Doimo el-yurt ardog‘ida, shogirdlaringizning e’zozida bo‘ling, O‘qituvchi va murabbiylar kuni muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!

manba: amunews.uz