Sayyor qabul – fuqarolar bilan muloqot qilish, ularning hayotiy ehtiyojlarini o‘rganish, muammolariga ijobiy yechim topishda muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizda rahbarlarning xalqni qiynab kelayotgan muammolarni joyiga borib o‘rganish, xalq bilan yaqin aloqa o‘rnatish maqsadida hududlarga chiqqan holda sayyor qabullar tashkil etish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ana shunday qabul jarayoni Amudaryo tumanining Qilichboy ovulida ham tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov ishtirokida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, respublika hamda tumandagi barcha sohalar bo‘yicha mas’ullar hamda hududda yashovchi aholi vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, hududlarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar va aholi vakillari bilan muloqotlar odamlarni qiynayotgan muammolarini hal etish, og‘irini yengil qilishdamuhim vosita bo‘lib, fuqarolarning davlatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda. Turli darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlarining aholi vakillari bilan muloqotlari odamlarning orzu-istaklari, talab va ehtiyojlarini o‘rganish, ularga imkon qadar ko‘mak berish, mavjud muammolarga o‘z joyida yechim topish imkonini bermoqda.
Sayyor qabul jarayonida fuqarolardan turli masalalar yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Xususan, fuqarolardan biri Ayoqchi mahallasida joylashgan katta yo‘lga 1,5 km piyodalar yo‘lakchasi qurib berishda hamda Posbon ko‘chasidan Salomat ko‘chasigacha oraliqda 180 metr uzunlikda piyodalar yo‘lakchasi qilishda yordam so‘ragan bo‘lsa, yana biri Qilichboy ovulidagi 4- Ibrayim Yusupov ko‘chasini asfalt qilib berishda amaliy yordam so‘rab murojaat qiladi. Shuningdek, Qilichboy ovulida yashovchi Zamira Eshimmetovaning ovuldagi 5-Avesto ko‘chasiga elektr energiyasi yetkazib berishni yaxshilash bo‘yicha so‘rab qilgan murojaati jarayonning o‘zida ijobiy yechimi topdi.
Qolaversa, fuqarolar mahallasidagi bog‘chaga boradigan yo‘llarni ta’mirlash, mahallaga 250 o‘rinli bog‘cha qurib berish, eski ko‘prikni ta’mirlab berish, tadbirkorlik qilish uchun yer maydoni ajratib berish, hovlisining ichidagi transformatorni boshqa joyga ko‘chirib berish, 70-sonli maktab oldidagi yo‘l yoqasiga piyodalar yo‘lakchasi qurish kabi qator masalalar bilan murojaat qildilar.
Qabul jarayonidagi aksariyat murojaatlar joyida o‘zining ijobiy yechimini topdi. Yechimi ma’lum vaqt talab qiladigan murojaatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining shaxsiy nazoratiga olinib, tez fursatda ularni ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida o‘tkazilayotgan bunday sayyor qabullar fuqarolar hayotida uchrayotgan va ularni qiynayotgan muammolarga yechim topishda hamda xalqimizning bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashi yo‘lida yana bir amaliy qadam bo‘ladi. Zero, inson manfaatlarini ta’minlash uchun avvalo, odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish alohida ahamiyat kasb etadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.