“SITMOMUTOV OLIMBOY” FЕRMЕR XO‘JALIGIDA PAXTA MASHINADA TЕRILMOQDA

Туман янгиликлари

Tajribali paxtakorlar ne-ne mashaqqatlar bilan yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib-terib olishda texnikaning qay darajada ahamiyatga ega ekanini juda yaxshi bilishadi. Chunki qo‘lda terilgan paxta bilan mashinada terilgan paxta tannarxi o‘rtasida farq bo‘lishiga qaramasdan, mashinada hosil tez terib olinadi, terim xarajati kamayadi, paxta terish mashinasi o‘tgan jo‘yaklardagi xom ko‘saklarning pishib-yetilishi tezlashadi. Bu esa paxta yig‘im-terimini barvaqt yakunlash imkonini beradi.

Amudaryo tumanidagi “Sitmomutov Olimboy” fermer xo‘jaligi raisi Mahmudjon Sitmomutov xo‘jalik ixtiyoridagi texnikalardan unumli foydalanibgina qolmay, yer sharoitidan kelib chiqib, mavjud texnika vositalarini takomillashtirib borishga odatlangan.

Uning agrar tizimga, ayniqsa, paxtachilik sohasiga joriy etilayotgan yangiliklarni o‘z faoliyatiga tatbiq etishga bo‘lgan qiziqish va intilishlari tufayli joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida yetishtirilgan hosilning asosiy qismi paxta terish mashinasida yig‘ishtirib olinmoqda. Xo‘jalikka lizing asosida CASE–220 rusumli ikki qatorli terim agregat sotib olindi.

– To‘g‘risini aytsam, paxta terish mashinasini olib kelishga avvaldan puxta hozirlik ko‘rdik, – deydi Mahmudjon Siytmomutov. – O‘tgan yilgi kuz mavsumida yerlarni yaxshilab tekislab qo‘ydik. Chunki paxta terish mashinasi uchun ajratilgan maydon tekis va begona o‘tlardan xoli bo‘lishi kerak.

Fermer xo‘jaligi dehqonlari erta bahorda 32 gektar yerga Xitoy davlatidan keltirilgan chigit navini sifatli qilib ekkan edilar. Barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida, sifatli olib borilgani bois, dalalarda mo‘l hosil yetishtirildi.

Paxta yig‘im-terimi mavsumi oldidan dalalar begona o‘tlardan tozalanib, atroflari tekislandi. Mashinada teriladigan dalalarda g‘o‘zaning barglarini to‘kish ishlari sifatli amalga oshirildi. Natijada ko‘saklarning pishib-yetilishi tezlashdi va paxtalar qiyg‘os ochildi.

Mana bir necha kundirki, “Siytmomutov Olimboy” fermer xo‘jaligi dalalarida ikki qatorli paxta terish mashinasi yuqori unum bilan ishlatilmoqda. Terim mashinasini mohirlik bilan boshqarayotgan mexanizator Baxtiyor Nurmanov har kuni fermer xo‘jaligi xirmoniga 10 tonnadan ziyod paxta terib to‘kmoqda. Terilgan hosilni qabul maskaniga peshma-pesh yetkazishda traktorchilar Yo‘ldosh Reyimov va Xushnud Samandarovlarning mehnatlari tahsinga loyiq.

– Sobiq ittifoq davridagi paxta terish mashinalaridan zamonaviy CASE–220 terim agregatining afzallik tomonlari juda ko‘p, – deydi mamnuniyat bilan fermer xo‘jaligi raisi Mahmudjon Siytmomutov. –Bu mashina shpindellari paxtani sochmasdan, toza so‘rib oladi va trubalar orqali bunkerga uzatadi, bunker to‘lgan paytda avtomatik tarzda mashina boshqaruvchiga xabar keladi, umuman isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Paxtani mashinada terish qo‘lda terishdan ancha arzonga tushadi va terim ishlarini barvaqt yakunlash imkoni bo‘ladi. Men barcha fermer xo‘jaliklari rahbarlariga paxtani mashinada terishga ahamiyat qaratishlarini tavsiya qilaman, – deydi fermer.

Xo‘jalikning paxta terish mashinasi uchun mo‘ljallanmagan dalalarida paxta terayotgan Gulasal Siytmomutova, Mansur Yerimbetov, Saida Siytmomutova, Asilbek O‘rozimbetovlarning har biri kuniga 80-90 kilogrammdan paxta terishib, xo‘jalikning umumiy xirmoniga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishmoqda.

Ayni kungacha fermer xo‘jaligi tomonidan kontraktatsiya shartnomasida ko‘rsatilgan hosilning 70 foizdan ortig‘i terib olindi. Hosilning asosiy qismini mashinada yig‘ib-terib olishni rejalashtirgan xo‘jalik dehqonlari dala boshida terimchi va mexanizatorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlardan, terilgan paxta uchun ish haqlari vaqtida hisob-kitob qilinib, mehnatlariga yarasha moddiy manfaat ko‘rayotganlaridan mamnun.

Robiya Yo‘ldosheva.

manba: amunews.uzdan