Amudaryo tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Qaror asosida bank kredit mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Nukus va Mo‘ynoq tumanlaridagi aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning sifatli ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, Amudaryo tumanida Ozarbayjonlik Respublikasidan kelgan pudratchi tashkilot “Archico Engineering company” tomonidan 68,5 km magistral va 289,2 km ichki suv tarmoqlarini tortish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. 29 mln. AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ evaziga amalga oshirilayotgan qurilish ishlari natijasida tuman hududida yashovchi 79 minga yaqin aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilayotgan bo‘lib, tumanning Choyko‘l, Tosh yop, O‘rta qal’a, Kuyuk ko‘pir, Bobur nomli, Xitoy, Bo‘z yop va Qilichboy ovullari, Bosuv, Arna bo‘yi, Jumur ovul, Qizilcholi, Bog‘, Xizr eli, Ayoqchi mahallalari hamda Mang‘it shahridagi barcha mahallalar hududlaridagi iste’molchilarning toza ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi. Bugungi kunda qizg‘in pallada davom etayotgan qurilish ishlari nihoyasiga yetgach, tuman aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 80 foizga yetishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqoridagi qarori asosida amalga oshirilayotgan qurilish ishlariga jami 100 nafarga yaqin quruvchilar, shu jumladan mahalliy ishchilar hamda 20 dan ortiq texnika jalb qilingan. Ayni paytgacha hududlarda jami 5 km magistral suv tarmoqlarini tortish ishlari yakunlangan bo‘lib, quruvchilar jadal sur’atlarda ishlamoqdalar.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanish, uning sifati va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, suv iste’molini hisobga olishning zamonaviy innovatsion tizimlarini joriy etish choralari ko‘rilmoqda. Natijada suvdan foydalanish, shu jumladan, suv ta’minoti va oqova suv tizimida qator samarali islohotlar amalga oshirildi. Bu islohotlarning barchasi xalq farovonligiga, inson manfaatlariga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan hududlar aholisi ko‘p yillik orzularining ushalayotganini aytib, davlatimiz va hukumatimizga minnatdorchilik bildirishmoqda.
Xalqimizda suv keltirgan – elda aziz, degan naql bor. Tiriklik manbai, poklik, musaffolik ramzi bo‘lgan suvni asrab-avaylash, uning har tomchisidan unumli va tejamkor foydalanish barchamizning burchimizdir. Zero, sog‘lig‘imiz ham, umrimizning uzoq bo‘lishi ham, eng avvalo, ichimlik suvining sifatiga bog‘liq. Mamlakatimizda aholini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv xizmatlarini yaxshilash, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari qamrovini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.