Amudaryo tumanidagi Jumurovul mahallasi infratuzilmasi jadal rivojlanayotgan hududlardan biri sanaladi. 765ta xonadonlardagi 1255ta oilalarda istiqomat qilayotgan aholi hayotini yaxshilash, turmush farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlashda “Mahalla yettiligi”ning o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzor go‘shaga aylantirish, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholi, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning ish bilan bandligini ta’minlash, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, oilaviy va yakka tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli aholining turmush tarzi kun sayin yaxshilanib bormoqda. “Mahalla yettiligi”ning sa’y-harakatlari bilan faqat joriy yilning o‘zida aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida 5 ta aholi punktining har biriga bittadan, 5 ta yangi transformator o‘rnatildi. Aholi serqatnov bo‘lgan Abdurauf Fitrat nomli, Daryolik, Shijoatli va Mang‘itovul ko‘chalariga huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida kuzatuv kameralari va MFY ma’muriy binosiga 5 kilovatt quvvatga ega quyosh paneli o‘rnatildi.
Uyushmagan yoshlarni sportga keng jalb qilish, o‘quvchi-yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash maqsadida “Open budget” dasturi doirasida sun’iy qoplamali sport maydonchasi qurilib, foydalanishga topshirildi. “Mening yo‘lim” dasturi asosida Shijoatli ko‘chasining 1600 metr qismiga asfalt qoplamasi yotqizildi.
Mahalla ahlining o‘zaro ahilligi va hamjihatligi, qolaversa, “Mahalla yettiligi” a’zolarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari bois Jumur ovulliklar “Mening bog‘im” dasturi asosida 3 gektar maydonda bog‘ barpo etish bo‘yicha loyihani, shuningdek, “ONA” jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan 300 million so‘mlik tozalangan ichimlik suvi inshootini qurish bo‘yicha grant mablag‘ini yutib olishdi. Ayni paytda hududda bog‘ barpo etish ishlari boshlanish arafasida. “ONA” jamoat fondining grant mablag‘i hisobidan qurilib. foydalanishga topshirilgan tozalangan ichimlik suvi inshooti esa Jumur ovulliklarga beminnat xizmat ko‘rsatmoqda.
Jumur ovul azaldan fidoyi mehnatkash insonlar va tadbirkorlar yurti. Mahallada o‘z tomorqa yerini chinakam ziroatchilik fabrikasiga va mo‘l daromad manbaiga aylantirib, oilasiga farovonlik olib kirayotgan, tadbirkorlik yo‘nalishida muvaffaqiyatlarga erishayotganlar talaygina.
Bu borada mahallada faoliyat olib boruvchi hokim yordamchisi tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar e’tiborga munosib. Ayniqsa, o‘zini-o‘zi band qilish tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarning hokim yordamchisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bois, ishsizlik bilan bog‘liq muammolar samarali hal etilmoqda.
Mahallada yashovchi Ne’matjon Boltaboyev hokim yordamchisiga murojaat qilmasidan avval ishsiz, doimiy daromad manbaiga ega emas edi. U hokim yordamchisining ko‘magi, qolaversa, “Mahalla yettiligi” a’zolarining qo‘llab-quvvatlashlari tufayli 100 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i evaziga shlakoblok ishlab chiqarish sexi va gilam yuvish xizmati faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ayni paytda Ne’matjon Boltaboyev o‘zining va oila a’zolarining bandligi ta’minlanganidan, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lib, mahalladoshlari manfaati yo‘lida xizmat qilayotganidan mamnun.
Shuningdek, hududda faoliyat olib boruvchi “Dosan Murod” MCHJ tomonidan g‘isht ishlab chiqarish sexining faoliyati yo‘lga qo‘yilishi tufayli 15 nafar Jumur ovullik yoshlarning bandligi ta’minlandi.
Yosh tadbirkor Xushnud O‘rinboyev ham hokim yordamchisining qo‘llab-quvvatlashi tufayli imtiyozli kredit olib, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida o‘z biznesini boshladi. U avtomobillarni yuvish shoxobchasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi va o‘zi bilan yana 2 nafar oila a’zosining bandligini ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi.
Bugungi kunda Jumur ovul mahallasida baliqchilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar tufayli 10 ta tadbirkorlik subyekti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida Maqsuda Avazimbetova hamda Gulnozaxon Kamolovalarga subsidiya asosida zamonaviy tikuv mashinalari olib berildi. Ikkala ayol-qiz ham ayni paytda o‘zlarining chevarlik faoliyatlarini boshlab, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishdi.
“Mahalla yettiligi”ning birgalikdagi sa’y-harakatlari bois, 40 nafar ishsiz yoshlarga dehqonchilik qilishlari uchun yer maydonlari ajratib berildi, shu bilan birga o‘zini-o‘zi band qilish tamoyili asosida yoshlar yetakchisi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga muvofiq bir guruh yoshlarga subsidiya asosida motokultivator agregatlari, tikuv mashinalari, payvandlash uskunalari, noutbuklar olib berilib, bandligi ta’minlandi.
Ayni kunlarda Jumur ovulliklar hududdagi fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olishda paxtakor dehqonlarga yaqindan yordam berish orqali qo‘shimcha daromad topishmoqda. Mahalladagi vaqtincha ishsiz fuqarolar, uyushmagan yoshlar, hatto el-yurt manfaatiga o‘zlarini daxldor deb bilgan nuroniy otaxon va onaxonlar ham ko‘ngilli ravishda paxta yig‘im-terimida dehqonlarga qo‘l-qanot bo‘lishmoqda. Axir xalqimiz bekorga “Hashar – elga yarashar” degan hikmatni yaratmagan.
Bugun Jumur ovulliklar hashar bahona mo‘l-ko‘l daromad topayotganlarini hisobga olsak, paxtadan keladigan mablag‘ nafaqat paxtakor dehqonlarning, balki har bir Jumur ovullikning oilasiga farovonlik, to‘kin-sochinlik olib kiradi. Ko‘ngilli hasharchilarning tergan har bir kilogramm paxtasi uchun fermerlar tarozi boshidayoq hisob-kitob qilib borayotganlaridan mahalla ahli mamnun.
Biz ijodiy jamoamiz bilan guvoh bo‘lganimiz – kundan-kunga tobora obodon va farovon, ko‘kalamzor go‘shaga aylanib borayotgan Jumur ovul mahallasidagi o‘zgarishlarda, yangilanishlarda, albatta, elim, yurtim, degan mahalla ahlining juda katta hissasi bor.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz