Amudaryo tumani Qoramon mahallasida xalqning ko‘p yillik orzulari ushaldi. Mahalla aholisining taklif va murojaatlari inobatga olinib, bunyod etilgan muassasa binosining ochilish marosimida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, quruvchilar hamda aholi vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, barchani bunyodkorlik ishining muvaffaqiyatli yakunlanib, muassasa binosining foydalanishga topshirilayotgani bilan samimiy tabrikladi. Tuman hokimi o‘z so‘zida so‘nggi yillarda yurtimizda ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga katta e’tibor qaratilib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonining ko‘payishi natijasida bolalar qamrovi tobora ortib borayotgani, farzandlarimizning barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishida bog‘chada olgan ta’lim-tarbiya muhim ahamiyat kasb etishi, shu boisdan ham xalq uchun, ayniqsa, olis va chekka hududlar aholisi uchun yangi zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari bunyod etilayotgani xususida so‘z yuritdi.
Tadbirda tuman prokurori, 2-sektor rahbari Abat Djumamuratov so‘zga chiqib, mehnatkash qoramonliklar uchun qad rostlagan ta’lim-tarbiya maskanida vatanimiz ravnaqiga yaraydigan barkamol avlod, yurtimizning porloq kelajagiga hissa qo‘shadigan komil farzandlar yetishib chiqishiga tilakdosh bo‘ldi. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomuratov o‘z nutqida muassasa jamoasining ta’lim-tarbiya sohasi rivoji yo‘lida yaratilayotgan imkoniyatlar, sohaga qaratilgan e’tibor va bildirilgan yuksak ishonchni oqlashiga, yangi binoda bolajonlarga sifatli ta’lim-tarbiya berishlarida omad va zafarlar tiladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur binoning qurilishi mahalla ahli uchun juda katta xayrli ishlardan biri bo‘lganligini, endilikda qishloq ayollarining mushkuli yanada oson bo‘lishini alohida ta’kidladilar. Qolaversa, “Mang‘it invest maximum” MCHJ quruvchi tashkiloti tomonidan 6,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga olib borilgan qurilish natijasida zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lgan 150 o‘rinli muassasa binosining o‘z muddatida foydalanishga topshirilgani uchun quruvchilarga minnatdorchilik bildirildi.
Shundan so‘ng quruvchi tashkilot rahbari tomonidan muassasa binosining ramziy kaliti rahbariyatga tantanali ravishda topshirilib, ramziy tasma qirqildi va bino foydalanishga topshirildi.
Tuman hokimi boshchiligida tadbir ishtirokchilari zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotidagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar, ovqatlanish va dam olish xonalari, mashg‘ulotlarni o‘tish xonalarini ko‘zdan kechirdilar.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘sib kelayotgan avlodni sog‘lom va har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish, ta’lim-tarbiya jarayoniga samarali ta’lim va tarbiya shakllari hamda usullarini joriy etishga qaratilgan maktabgacha ta’limning samarali tizimini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonini yanada oshirish va ular ko‘rsatadigan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo‘ldi. Qolaversa, olis va chekka hududlarda aholi farovonligi yo‘lida yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish boshlashi farzandlarimizning sifatli ta’lim-tarbiya olishiga, maktabgacha ta’lim tizimida qamrovni yanada kengaytirib, sifatni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi shubhasiz.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.