2024-yil 16-oktabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining 81-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada deputatlar, tegishli tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani Kengash raisining o‘rinbosari G‘ulomjon Eshniyozov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 10-Tosh yop saylov okrugidan deputat Ilhom Polvonov saylandi.
Kun tartibidagi birinchi masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Anvar Orazbayev so‘zga chiqib, Xalq qabulxonasi, sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlarining aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlashish holati hamda hududlardagi hokim yordamchilarining faoliyati yuzasidan axborotlar berdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali 2024-yilning uchinchi choragi davomida tuman aholisi tomonidan jami 3 ming 627ta masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. Shundan 3 ming 589ta murojaatlar ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 2 ming 649tasi qanoatlantirilgan, 1 ming 403tasi murojaatchilar foydasiga ijobiy hal qilingan. Murojaatlarning 2 ming 626tasi tumandagi davlat organlari, idora va tashkilotlar tomonidan, qolganlari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda Respublikaning boshqa tuman va shaharlaridagi davlat organlari, vazirlik va boshqarmalar tomonidan o‘rganib chiqilgan.
O‘tgan 9 oy davomida hokim yordamchilari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 3 ming 672 nafar fuqaroga 52,8 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. Hisobot davrida 184 nafar fuqaroga jami 1,76 mlrd. so‘mlik subsidiya ajratilgan. 819 nafar shaxs kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilib, 3 ming 726 nafar shaxsning bandligi ta’minlangan. Jumladan, 2 ming 235 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 1 ming 495 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Muxammetali Xojamurotov hisobot berdi. Hisobotda qayd qilinganidek, tuman hududida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida “Profilaktika kuni” tadbirlari davomida 146 ta jinoyatlar muxokama qilingan, 38 ming 76ta xonadon o‘rganilib, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 1 ming 572 nafar shaxslar bilan ijtimoiy profilaktik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha “Mahalla yettiliklari”ga xulosalar taqdim etilgan. Mahalla faollari tomonidan 1 ming 218 nafar ijtimoiy profilaktika obyekti bo‘lgan shaxslarning muammolarini ijobiy hal etish choralari ko‘rilib, 1 ming 239 nafar shaxslar profilaktik hisobga olingan. 6 ming 679 nafar shaxslarga huquqbuzarlik sodir qilganligi uchun ma’muriy choralar ko‘rilgan. Hisobot davrida ichkilikga ruju qo‘ygan 96 nafar shaxs va 1 ming 78 nafar ruhiy kasallar majburiy davolashga yotqizilgan hamda bosim va zo‘ravonlikka uchragan 243 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan.
Kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha faol muhokamalardan keyin Xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Sessiyadan keyin tuman hokimi Sobir Xo‘jametov mas’ullar bilan birgalikda 5 yil davomida Amudaryo tamanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shgan hissasi, tuman miqyosida o‘tkazilgan tadbirlarda faol ishtiroki, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal qilish borasidagi faolligi hamda homiylik ishlari bilan boshqalarga namuna bo‘lgani uchun xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining barcha deputatlariga tuman hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
manba: amunews.uz