Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi tomonidan ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi o‘rganildi

Туман янгиликлари

Davlat dasturlarining ijrosini nazorat qilish, xususan qurilish sohasi va ijtimoiy obyektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini ta’minlash va bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish, ijrosini nazorat qilish muhim vazifalardan hisoblanadi. Bunday vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi aholi farovonligi va davlat rivoji uchun muhim omildir. Mazkur vazifalarning ijrosi prokuratura organlari tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, xususan, qurilish sohasida davlat dasturlarining sifatli bajarilishi va ijtimoiy obyektlarning holati ustidan tizimli nazorat o‘rnatilgan.

Amudaryo tumani misolida bu borada qanday ishlar olib borilayotgani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi mas’ullari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar davomida tumandagi ijtimoiy soha obyektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari tasdiqlagan tarmoq jadvallariga asosan tashkil etilayotganiga e’tibor qaratildi. Aytish kerakki, tuman prokuraturasi xodimlari ushbu qurilish jarayonlarini muntazam o‘rganib, mas’ullarga qator ko‘rsatmalar berib kelmoqda. Jumladan, obyektlarni o‘z vaqtida va sifatli topshirish, moliyaviy va texnik jihatdan barcha ishlarni smeta va tasdiqlangan rejaga asosan tashkil qilish holatlari nazoratga olinmoqda. Shu bilan birga, budjet mablag‘larining noqonuniy sarflanishining oldini olish, o‘quv muassasalari binolarining qurilish sur’atini pudratchilar tomonidan yetarli ishchi kuchi va maxsus texnikalarni jalb qilgan holda jadallashtirish hamda ishchilarni rasmiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilmoqda.

Ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ham turmush sifatiga bevosita ta’sir qiladigan jarayonlardan biri hisoblanadi. Shu bois, hududdagi ijtimoiy obyektlarda isitish tizimlarining sozligi va energiya resurslaridan samarali foydalanish masalalari ham har tomonlama ko‘rib chiqilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi xodimlari amudaryolik hamkasblari bilan birgalikda bu borada ham tegishli o‘rganish ishlarini olib borishdi.

Ijtimoiy obyektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida isitish qozonlarining almashtirilishi va ortiqcha energiya iste’molini kamaytirish uchun energiya tejamkor uskunalardan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu orqali obyektlarning kuz-qish mavsumida samarali faoliyat yuritishi ta’minlanadi. Shu bilan birga, prokuratura organlari ijtimoiy soha obyektlari va aholini ko‘mir mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash jarayonini ham nazoratga olgan. O‘rganishlar davomida ijtimoiy soha obyektlarini isitish uchun zarur yoqilg‘i zaxiralari yaratilganligi ham tekshirildi. Prokuratura organlari xodimlari tegishli mas’ullarga qo‘shimcha ko‘mir zaxiralari yaratish, qozonxonalar va elektr generatorlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha qator ko‘rsatmalarni berdi. Bu yo‘nalishdagi ishlar doimiy nazoratga olingani va ish jarayonida uchraydigan muammolar zudlik bilan bartaraf etilishi lozimligi ta’kidlandi.

Nazorat tadbirlari davom etmoqda va ulardan ko‘zlangan asosiy maqsad — qurilish ishlari sifatini ta’minlash va ijtimoiy soha obyektlarining samarali faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratishdir. Prokuratura xodimlari ijtimoiy obyektlardan foydalanuvchilar va aholi manfaatlarini himoya qilgan holda, budjet mablag‘larining samarali va oqilona sarflanishini hamda qurilish sifatini ta’minlashga hissa qo‘shishni o‘z oldlariga maqsad qilib qo‘yganlar. Bu borada ko‘rilayotgan choralar va amalga oshirilayotgan tadbirlar aholining, ijtimoiy soha muassasalaridan foydalanuvchilarning mavsumiy qiyinchiliklarni yengib o‘tishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Sharyar Joldasov, Amudaryo tumani prokurori katta yordamchisi.

manba: amunews.uz