1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi istiqlol sari ilk qadam sifatida tarixiy ahamiyatga ega sana hisoblanadi. Bu yil ushbu sanaga 35 yil to‘lmoqda. Shu munosabat bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab katta bayram tantanalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, til va adabiyotga bag‘ishlangan she’riyat va kitobxonlik kechalari bo‘lib o‘tmoqda.
Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limi binosida ham sana munosabati bilan katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodirbek Kamolov so‘zga chiqib, barchani o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi. Nodirbek Kamolov o‘z nutqida so‘nggi yillarda o‘zbek tilining rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida so‘z yuritib, til – millatning ko‘zgusi ekanligini, uni asrab-avaylash har bir millatdoshimizning burchi ekanini qayd etib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi qadr-qimmati va obro‘sini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Farmonga asosan ishlab chiqilgan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashdek ulug‘vor maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Bayram tadbiri tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan dilrabo kuy-qo‘shiqlar hamda betakror chiqishlar bilan ko‘tarinki ruhda davom etdi. Xonandalar turkiy til asoschisi, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub g‘azallarni kuyga solib, ijro qildilar. Go‘zal raqqosalar ijrosidagi dilrabo raqslar tadbir ishtirokchilariga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.
Qayd etish joizki, xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.
Bundan 35 yil oldin – hali mamlakatimiz istiqlolga erishmasdan oldin o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning asrlar davomidagi orzusining ro‘yobi, mamlakat suvereniteti va mustaqilligi sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam bo‘ldi. Aynan shu sanadan boshlab o‘zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi.
Istiqlol yillarida ona tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanilib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda.
O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirishlari uchun sharoit yaratgan holda davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini yanada mustahkamlash davlatimiz va hukumatimizning doimiy diqqat markazidagi masalalardan sanaladi. Ona tilimizning sofligini saqlash, uning betakror so‘z boyliklaridan foydalangan holda targ‘ib qilish esa har bir millatdoshimizning burchidir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.