AMUDARYO TUMANIDA "YANGI O‘ZBЕKISTON" MASSIVI QURILISHI JADAL SUR’ATLARDA OLIB BORILMOQDA

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda aholining zamonaviy shart-sharoitlarga ega uy-joylar bilan ta’minlanishini yaxshilash, hududlarda rivojlangan shaharsozlik talablari asosidagi ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlari, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishini jadallashtirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish hamda aholi punktlarining urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2021-yilda "Yangi O‘zbekiston" massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida" tarixiy Farmon qabul qilingan edi. Ushbu Farmonga asosan mamlakatimizning barcha hududlarida, shu jumladan, Amudaryo tumanida ham "Yangi O‘zbekiston" massivi qurilishi uchun yer ajratilib, ayni paytda hududda uy-joylar qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Mang‘it shahrining Do‘stlik mahallasi hududida joriy yilda har biri 5 qavatli bo‘lgan 6ta ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, har biri 30-35ta, jami 185 ta xonadonga mo‘ljallangan turur joylar qurilishida tumandagi 8ta qurilish tashkilotlari quruvchilari faoliyat olib borishmoqda.

Qad rostlayotgan "Yangi O‘zbekiston" massivi hududida bozor infratuzilmasi obyektlari, aholi dam olish maskani, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qurilishi ham rejalashtirilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, massiv qurilishining Bosh rejasiga ko‘ra, keyingi yillarda mazkur hududda jami 65ta ko‘p qavatli turar joy binolari bunyod etiladi va uylarning tomiga quyosh panellari o‘rnatilib, ulardagi xonadonlar soni 2100taga yetkaziladi. Bu "Yangi O‘zbekiston massivida kelgusida 10 mingdan ortiq aholini zamonaviy sharoitlarga ega uy-joy bilan ta’minlash imkonini beradi.

Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz