YURT TINCHLIGI VA XALQ OSOYISHTALIGINI TA’MINLASH YO‘LIDA

Туман янгиликлари

2006- yil 6-dekabrda qabul qilingan Qonun bilan 25-oktabr mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni etib belgilangan edi. Shundan buyon ushbu sana yurt tinchligi va xavfsizligini saqlash, jamiyatning barqarorligi, jamoat tartibi va qonun ustuvorligini ta’minlashni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan soha xodimlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlab kelinmoqda.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida ichki ishlar organlarini chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish, aholi uchun barcha shahar va qishloqlarda xavfsiz yashash va mehnat sharoitini yaratish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirildi va bu boradagi islohotlar davom etmoqda.

Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari ham fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik va terrorizmga, odam savdosiga qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish borasida samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar.

Shuningdek, bo‘lim xodimlari huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash va ular bilan tizimli ishlash, jinoiy jazoni va jinoiy-huquqiy ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini ijro etish, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish, yo‘l harakati xavfsizligini, pasport tizimi talablarining bajarilishini ta’minlash hamda o‘z vakolatlariga kiruvchi boshqa masalalar bo‘yicha xizmat burchlari hamda vazifalarini vijdonan bajarib kelmoqdalar.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tuman hududida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida 38 ming 76 ta xonadonlar o‘rganilib, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 1 ming 572 nafar shaxslar bilan ijtimoiy-profilaktik tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha “Mahalla yettiliklari”ga xulosalar taqdim etildi. Ushbu davrda o‘tkazilgan “Profilaktika kuni” tadbirlari davomida 146 ta jinoyatlar muhokama qilinib, mahalla faollari tomonidan 1 ming 218 nafar ijtimoiy profilaktika obyekti bo‘lgan shaxslarning muammolarini ijobiy hal etish choralari ko‘rildi. 1 ming 239 nafar shaxslar profilaktik hisobga olinib, ular bilan yakka tartibdaga profilaktik ishlar olib borildi.

Huquqbuzarlik sodir qilgan 6 ming 679 nafar shaxslarga ma’muriy choralar ko‘rildi. Spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslar va ruhiy kasallar davolanishga yotqizildi. Qolaversa, bosim va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga himoya orderlari berilib, probatsiya nazoratidagi shaxslarning sud tomonidan belgilangan jazolarini o‘tashi ta’minlandi. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyat sodir etib, qidiruvda bo‘lgan 16 nafar shaxs ushlandi, giyohvandlik va psixotrop moddalarni noqonuniy sotish bilan bog‘liq 3 ta jinoyatlar fosh etildi.

Amalga oshirilgan samarali profilaktik ishlar natijasida tumandagi 26 ta mahalla jinoyatchilikdan holi hududga ya’ni “yashil” toifaga kiritilib, ushbu mahallalarda birorta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan oldini olish mumkin bo‘lgan, firibgarlik, nomusga tegish, badanga og‘ir tan jarohati yetkazish, yengil tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlarning kamayishiga erishildi.

Biometrik pasport o‘rniga joriy etilgan identifikatsiya ID kartalarini olish va almashtirish bo‘yicha murojaat qilgan 14 ming 766 nafar fuqarolarga ID kartalar rasmiylashtirilib berildi. 1 ming 953 nafar fuqarolarning ma’lumotlari qabul qilinib, ularga xorijga chiqish biometrik pasportlari rasmiylashtirilib berildi. Fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasining amal qilish muddati tugagan 37 nafar shaxslarning murojaatlari bo‘yicha ularga guvohnomalar rasmiylashtirib berildi. Bundan tashqari, 65 nafar chet el fuqarolari O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasining amal qilish muddati tugaganligi sababli ularning murojaatlari ham qonuniy o‘rganib chiqilib to‘liq qanoatlantirildi.

Tumanimizdagi 3-sektorga 12 ta shaharcha, ovul va mahallalar kiritilgan bo‘lib, jami aholi soni 54 ming 105 kishini tashkil qiladi. Muhtaram Prezidentimizning “Har bir rahbar faqat xizmat xonasida o‘tirmasdan, joylarga borib, aholini bezovta qilayotgan eng dolzarb masalalarning amaliy yechimi bilan shug‘ullanishi, xalq bilan yaqindan muloqot qilib, uning dardu tashvishlari, hayotiy muammolarini samarali hal etish bo‘yicha yangicha qarash bilan faoliyat olib borishi lozim” degan g‘oyasi sektor faoliyatining asosiy mezoniga aylandi.

Joriy yil boshidan joylarda 52 ta sayyor qabul o‘tkazildi. Ushbu sayyor qabullarda jami 250 ta murojaatlar kelib tushdi va ularning 210 tasi qanoatlantirilib, 19 nafar murojaat qilgan shaxslarga tushuntirishlar berildi.

“Bandlik” dasturiga muvofiq yil boshidan shu kunga qadar 173 nafar fuqarolar ishga joylashtirildi. 2 marta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil qilinib, 26 nafar fuqarolar kasbga o‘qitildi.

Sektor rahbariyati tomonidan hududlarda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish, yoshlar, xotin-qizlar bilan tizimli ravishda ishlashish bo‘yicha ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari nafaqat tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, balki xalq farovonligini ta’minlash, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishdek xayrli ishlarda ham jonbozlik ko‘rsatmoqdalar. Faoliyatimizning asosiy prinsiplari qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda hurmat qilish, ochiqlik va shaffoflikdan iborat.

Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimizni, tuman Ichki ishlar bo‘limi shaxsiy tarkibini, soha fahriylarini hamda xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolarini kasb bayramimiz – Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, ularning yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini ta’minlashdek mashaqqatli va sharafli ishlarida omad yor bo‘lishini tilayman!

Muxammetali Xojamuratov, Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik.

manba: amunews.uz