“Yosh saylovchi” yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Yoshlarimizning mamlakat kelajagi uchun muhim bo‘lgan siyosiy jarayonlarda faol ishtiroki katta ahamiyatga ega. Shuni e’tiborga olgan holda joriy yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlarda yoshlarning munosib ishtirok etishlarini ta’minlash, saylovda har bir ovozning mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida hududlarda “Yosh saylovchi” targ‘ibot loyihasi doirasida turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, 24-oktabr kuni Amudaryo tumanida ham loyiha doirasida targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, ularga ko‘plab yoshlar qamrab olindi.

Targ‘ibot loyihasi doirasida “Yosh saylovchining huquqlari” hamda “Yoshlar va saylov” uchrashuvi, ochiq muloqotlar tashkil etilib, ularda saylov jarayoni, uning ahamiyati, saylovchi huquqlari yuzasidan tushunchalar berildi. Tumandagi 82-sonli maktabning faollar zalida bo‘lib o‘tgan yoshlar ishtirokidagi uchrashuv o‘quv-seminar tarzda tashkil etildi. Unda tuman Yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i Bekzod O‘rinboyev so‘zga chiqib, yoshlarni yurtimiz kelajagiga, Vatan ravnaqiga befarq bo‘lmaslikka, saylovda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Shuningdek, saylov muhim siyosiy jarayon ekanligi, unda ishtirok etish har bir fuqaroning siyosiy huquqi hamda imkoniyati ekanligi, har bir ovoz yurtimizdagi islohotlarga ta’sir qilishi hayotiy misollar orqali tushuntirildi. Tadbirda saylovga oid videorolik namoyish etilib, yoshlarning bu boradagi bilimlari yanada mustahkamlandi.

“Yosh saylovchi” targ‘ibot loyihasi asosida tuman Xotira maydonida yoshlar forumi tashkil etildi. Forum doirasida yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga yo‘naltirilgan interaktiv uchrashuvlar, qiziqarli viktorinalar o‘tkazilib, yoshlarning saylov jarayonlaridagi ishtiroki keng targ‘ib qilindi.

Qolaversa, yigit-qizlar uchun foydali bo‘lgan "Yosh saylovchi" viktorinasi, "Zakovat" intellektual o‘yiniga o‘xshash "Ibrat farzandlari", "Mutolaa", "Qizlar akademiyasi", "Bilasizmi?" loyihalari doirasidagi o‘yinlar hamda "Besh tashabbus" musobaqalarida yoshlarning zukkoligi, topqirligi va epchilligi sinovdan o‘tkazildi.

Shuningdek, tadbir davomida yoshlarni zamonaviy kasblarga va xorijiy tillarga bepul o‘rgatuvchi loyihalar – “Ustoz AI”, “Uz Chess” kabi pavilonlar tashkil etildi. Bu loyihalar yoshlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otib, ularga professional va shaxsiy rivojlanish uchun keng imkoniyatlar taqdim etdi. Ayniqsa, birinchi marta saylovda qatnashayotgan yosh saylovchilarning e’tiborini jalb qilish maqsadida loyiha taqdimotlari interaktiv tarzda o‘tkazildi.

Bundan tashqari, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan harbiy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi ham ularda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir davomida yoshlarning nafaqat siyosiy, balki umumiy bilimlarini ham boyitishga qaratilgan intellektual bellashuvlar tashkil qilindi. Ayniqsa, “Siz bilasizmi?” deb nomlangan viktorinalar yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Viktorinalar g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Yoshlar o‘zlarining fikr va mulohazalarini bildirar ekan, saylov jarayonlari to‘g‘risidagi ko‘plab savollarga huquqiy jihatdan batafsil javob olishdi. Viktorina va intellektual o‘yinlar nafaqat yoshlarning, katta yoshli kishilarning ham huquqiy bilimlarini oshirishga yordam beradi.

“Yosh saylovchi” yoshlar forumi tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan gala konsertga ulanib, yuqori kayfiyatda davom etdi. Gala konsertda tumanimizning iste’dodli xonandalari, estrada ijodkorlari o‘zlarining sho‘x-shodon kuy-qo‘shiqlari bilan ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi. Xonandalar Vatanni madh etuvchi, yoshlik, go‘zallik, do‘stlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etdilar.

O‘tkazilgan forum nafaqat yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirishga, balki ularda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbir sifatida ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.