Mamlakatimizda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish, sohaga bosqichma-bosqich tibbiy sug‘urta xizmatini joriy etish, tibbiy xizmat bozorida zamonaviy raqobat muhitini yaratish va shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatini kengaytirish maqsadida 2024-yil 5-sentabrda Prezidentimizning “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 311-sonli Qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida aholiga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish davlat budjetiga to‘lanadigan soliqlar hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Bunda aholidan sug‘urta uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Amudaryo tuman Tibbiyot Birlashmasi faollar zalida Prezidentimizning mazkur qarori taqdimotiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Tibbiyot birlashmasi huzuridagi ko‘p tarmoqli Markaziy poliklinika, shuningdek, hududlardagi oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari shifokorlari, umumiy amaliyot shifokorlari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda faollari, tibbiyot sohasi mutaxassislari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishni tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova ochdi va olib bordi. U tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda Davlat tibbiy sug‘urtasini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish borasidagi Prezident Qarori yuzasidan qisqacha ma’lumot berib o‘tdi.
Shundan so‘ng Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Fahriddin Abdullayev mazkur Qarorning mazmun-mohiyati, aholiga sifatli va kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatishda qulayliklar yaratish maqsadida ushbu Qaror bilan 2024-yil 1-oktabrdan Tashkent shahri va Sirdaryo viloyati Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimiga o‘tganligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shu jumladan Amudaryo tumanida ham 2025-yil 1-yanvardan boshlab aholiga Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi xususida batafsil to‘xtaldi.
Tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘z so‘zida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarining afzalligi, aholi uchun qulayliklari, kafolatlangan paketlarga nimalar kiritilgani va dori-darmonlar bilan bepul ta’minlanish huquqiga ega fuqarolar elektron tashxislar orqali dorixonalar tomonidan ta’minlanishi haqida so‘z yuritdi. Bundan tashqari, har bir fuqaroda o‘z sog‘ligiga o‘zi mas’ulligi hissini shakllantirish, aholining tibbiy savodxonligini oshirish, mahalla bilan tibbiyot xodimlari hamkorligi, shoshilinch va rejali ravishda bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishi masalalari bo‘yicha yig‘ilish ishtirokchilariga misollar orqali zarur tushunchalar berdi.
Shu bilan birga, tuman Tibbiyot Birlashmasi tomonidan Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi orqali aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga jiddiy tayorgarlik ishlari olib borilayotgani, bu bo‘yicha ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlanib, hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan zarur tushunchalar berildi.
Yig‘ilishda davlat tibbiy sug‘urtasini amaliyotga joriy etish borasida aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot tadbirlarin olib borish, tibbiy sug‘urta xizmatining afzalliklari, aholi uchun qulayliklari xususida tushuntirish ishlarini samarali tashkil etish yuzasidan takliflar ham bildirilib, vazifalar belgilab olindi.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz