Qishloq xo‘jaligi masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda barcha sohalar singari qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar asosida sohada katta o‘zgarishlar, yangilanishlar ro‘y bermoqda. Muhtaram Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘lidagi qaror va farmonlari asosida agrar sohaga bir qancha yangi texnika va texnologiyalar joriy qilinishi natijasida soha yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilmoqda. 29-oktabr kuni Amudaryo tumanida tashkil etilgan seminarda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ana shu islohotlarning mazmun-mohiyati yana bir bora e’tirof etildi.

Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, oldinda turgan ustuvor vazifalarni muvofiqlashtirish, o‘zaro tajriba almashish maqsadi ko‘zlangan mazkur seminar To‘lqin ovulidagi “Xidirboyev San’at” fermer xo‘jaligi ekin maydonida tashkil etildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Daryabay Kaypov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining qishloq va suv masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Teshayev, Jo‘qorg‘i Kengesning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘mitasi boshlig‘i Anvar Jumanazarov, Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov hamda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha respublika va tuman miqyosidagi mas’ullar, fermerlar va korxona-tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.

Seminar kun tartibidan 2025-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekiladigan ekin maydonlarini shudgor qilish, lazerli tekislash, sho‘r yuvish, g‘alla parvarishi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni yanada jadallashtirish kabi masalalar o‘rin oldi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Teshayev so‘zga chiqib, agrar soha rivojiga bugun eng ustuvor masalalardan biri sifatida katta e’tibor qaratilayotgani, sohada yangi imkoniyatlar yaratilayotgani hamda ushbu imkoniyat va shart-sharoitlardan soha vakillari samarali foydalanishi lozimligi xususida so‘z yuritdi.

Shuningdek, seminarda tuman agrar sohasi mas’ullari kun tartibidagi masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda oldindagi vazifalar xususida ma’lumot berdilar.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, tumanda 2025-yilgi mavsum oldidan joriy yilning kuzida 17 ming gektar maydonni shudgorlash rejalashtirilib, unda jami 71 ta surim texnikalari qatnashishi rejalashtirilgan hamda mavjud texnikalar 18 ta surim otryadlariga biriktirilgan. Kuzgi shudgorlash ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash maqsadida shudgorlash grafiklari ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda tumandagi fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 57ta lazerli tekislagichlar mavjud bo‘lib, ushbu lazerli tekislagichlar yordamida 2024-yilda 1073 konturlarda 8 ming 70 gektar maydonlar tekislangan. Lazerli tekislangan maydonlarning 1 ming 791,4 gektariga bug‘doy, 5 ming 138,3 gektar qismiga paxta, 1140,3 gektar qismiga esa boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari ekilib, mo‘l hosil olingan.

Tumanda 2025-yil hosili uchun asosiy 4800 gektar, qo‘shimcha 970 gektar, jami 5770 gektar maydonga g‘alla ekish rejalashtirilib, amalda reja to‘liq bajarilgan. Har bir gektar maydonga 5 tonnadan jami 28 ming 850 tonna mahalliy o‘g‘it jamg‘arish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha 832 tonna, ya’ni salkam 3 foiz maydonlarda mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ishlari amalga oshirilgan.

Qolaversa, tumanda 2025-yil hosili uchun 19 ming 201,4 gektar ekin maydonlarining sho‘rini yuvish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 782 gektari kuchli sho‘rlangan, 4 ming 840,2 gektari o‘rtacha sho‘rlangan va 13 ming 579,2 gektari kam sho‘rlangan maydonlardir. Sho‘r yuvish tadbirlarini amalga oshirish uchun 18 ta sug‘orish otryadlari tashkil qilinib, ushbu otryadlarga 1 ming 501 nafar malakali xodimlar biriktirilgan. Ularning 220 nafari suv xo‘jaligi tashkilotlari, 1 ming 281 nafari esa fermer xo‘jaliklari ishchilaridir.

Seminar kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar hamda ko‘rsatmalar berildi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.